Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan monitoringlar natijasida “ROODELL” MChJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlandi.
Xususan, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalarda “KIA SONET” avtomashinasi muddatli to‘lov uchun 0%” degan mazmundagi ma’lumotlar tarqatilgan. Biroq, mazkur reklama axborotida “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 43-moddasi talablariga zid ravishda shartnomaning muhim shartlari, jumladan, qo‘shimcha to‘lovlar haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Buning natijasida iste’molchilarda chalg‘ituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “ROODELL” MChJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Raqobat qo‘mitasi barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlarni amaldagi qonunchilikka rioya qilish, ayniqsa reklama faoliyatida aniq, oshkora va xolis ma’lumotlar taqdim etishga chaqiradi.