Raqobat qo‘mitasiga Respublika bo‘ylab avtomobillar («CHEVROLET COBALT», «CHERY TIGGO 7 PRO», «DAMAS», «LABO») bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan.
Mazkur murojaatlar qo‘mita tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari tiklandi va qonuniy manfaatlari himoya qilindi.
Jumladan,
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro «DRIVER VILLAGE» MCHJ faoliyatidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. U shartnoma asosida «CHEVROLET COBALT» avtomashinasi uchun 147 916 000 so‘m to‘lovni amalga oshirgan, lekin yetkazilgan avtomobilda yoriqlar va teshiklar borligi aniqlangan. Fuqaroga 147 916 000 so‘m to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati Quva tumanida fuqaro «FARG‘ONA AVTOTEXXIZMAT-F» MCHJdan «DAMAS» avtomashinasi uchun to‘lagan 48 500 000 so‘mni oilaviy sharoiti tufayli qaytarib olishni istadi. Iste’molchi mazkur holat bo‘yicha tadbirkorlik subyektiga bir necha marta murojaat qilishiga qaramasdan, muammo ijobiy hal etilmadi Hududiy boshqarma tomonidan vakolat doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mablag‘ iste’molchi foydasiga to‘liq undirildi. Namangan viloyati Chust tumanidagi fuqaro «CHUST-AVTOTEXXIZMAT-N» MCHJdan olgan «DAMAS» avtomashinasida nosozlik borligini ma’lum qildi. Hududiy boshqarma murojaatni o‘rganib chiqib, avtomashinaning nosozligi bartaraf etildi va fuqaro huquqlari tiklandi. Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro «ROODELL» MCHJdan xarid qilgan «CHERY TIGGO 7 PRO» avtomashinasining uzatmalar qutisida nosozlik borligini ma’lum qildi. «ROODELL SERVICE» MCHJ tomonidan nosozlik bartaraf etildi.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida fuqaro «AVTOSALON NAVOIY AVTOTEXXIZMAT» MCHJdan xarid qilgan «COBALT» avtomashinasida uzatmalar qutisidagi muammo tufayli avtomobil yetkazilmay qolayotganligidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganib chiqilib, yangi avtomashina yetkazib berilishi ta’minlandi.
Andijon viloyati Andijon shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro «ANDIJON AVTO TEX» MCHJ dan «COBALT» avtomashinasi sotib olib, nosozliklar aniqlangani haqida murojaat qildi. Avtomashina ta’mirlanib, iste’molchi huquqi tiklandi.
Buxoro viloyati Fuqaro «VOBKENT AVTOTEXXIZMAT» MCHJdan sotib olgan «DAMAS» avtomashinasining nuqsonlari bartaraf qilinmaganligidan norozi bo‘lib murojaat qildi. Hududiy boshqarmaning olib borilgan sa’y-harakatlari natijasida murojaatchiga 96 932 000 so‘m bo‘lgan “DAMAS” avtomashina yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro «SURXOH-AVTO» MCHJdan «LABO» avtomashinasi uchun to‘lovni amalga oshirib, mashinani ololmagani haqida murojaat qildi. Avtomashina yetkazib berilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati Fuqaro «GRAND AUTO MOTORS» MCHJdan xarid qilgan «LABO» avtomashinasining kuzovida nosozlik aniqlandi. MCHJ tomonidan fuqaroning avtomashinasi yangisiga almashtirilishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati «DAMAS-2» avtomashinasini xarid qilish uchun to‘lov qilgan fuqaro o‘z to‘lovlarini ayrim sabablarga ko‘ra qaytarib berilishi yuzasidan sotuvchiga ariza berganligiga qaramasdan, to‘lagan pullari qaytarilmasdan kelayotganligidan norozi bo‘lib Qo‘mitaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan tekshiruvlar o‘tkazib, fuqaroga 48 500 000 so‘m to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq qonun buzilishini bartaraf etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda ushbu tashkilotlarning mas’ullariga qonunchilikdagi mavjud tartib-qoidalar va uning natijasida kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar haqida tushuntirishlar berildi.