Respublika bo‘ylab savdo va kommunal xizmatlar bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan:
Andijon viloyati misolida
Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro M.R Paxtaobod tumanida joylashgan “IDEA” do‘konidan muddatli to‘lov asosida 23 mln so‘m miqdoridagi maishiy texnikalar to‘plamini xarid qilgan, biroq keyinchalik ayrim sabablar tufayli tuzilgan shartnomani bekor qilinishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan “IDEA” do‘koni bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, murojaat ijobiy hal etildi.
Buxoro viloyati misolida
Fuqaro I.Q gaz ta’minoti korxonasi tomonidan asossiz ravishda 650 000 so‘m qarzdorlik hisoblayotganligidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarmaning olib borilgan sa’y-harakatlari natijasida, Hududgazta’minot korxonasi tomonidan asossiz hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati misolida
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.Boqiyeva “Sifat tekstil” nomli onlayn savdo do‘koni orqali 6 188 000 so‘mlik mahsulot buyurtma qiladi. Biroq, u buyurtmaning to‘liq summasiga mos kelmaydigan holda 4 719 000 so‘mlik tovar qabul qiladi.
Yuborilgan mahsulot miqdoridagi farqni sezgan fuqaro norozilik bildirib, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat yo‘llaydi.
Mazkur murojaat qo‘mitaning Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, M.Boqiyevaga yetishmay qolgan mahsulot qiymati — 1 500 000 so‘m pul mablag‘i “Sifat tekstil” onlayn do‘koni tomonidan qaytarib berilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati misolida
Sh.RaShidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.B. bolalar planshetini xarid qilish uchun “UZUM NASIYA” elektron platformasi bilan tuzgan shartnomasini oylik to‘lovlar to‘g‘ri kelmaganligi sababli bekor qilinishida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Fuqaro o‘z murojaatida mazkur shartnomani bekor qilish borasida elektron platforma mutaxassislariga murojaat qilgani, ammo ular buni iloji yo‘q deb javob berishganliklarini ko‘rsatib o‘tgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida ushbu tuzilgan shartnoma bekor qilinib, murojaat iste’molchi foydasiga ijobiy hal etildi.
Namangan viloyati misolida
Namangan shaharda yashovchi fuqaro M.Aning xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun ETK tomonidan 13 mln so‘m qarzdorlik hisoblanganligidan norozi bo‘lib, elektr ta’minotidan hisoblangan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilinishi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Boshqarma tomonidan murojaat o‘z vaqtida o‘rganilib, hisoblangan asossiz 13 mln so‘m qarzdorlik iste’molchiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Navoiy viloyati misolida
Navbahor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro E.X. imtiyozli kredit asosida 23,0 mln so‘mga uch g‘ildirakli yuk tashuvchi mototsikl xarid qiladi.
Biroq oradan bir oy vaqt o‘tmasdan mototsiklning akkumulyator qismi nosoz holga kelganligi yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat hududiy boshqarma tomonidan o‘rganilib, “SADDAM RIZOQULOV” MChJ tomonidan fuqaro E.X.ga tegishli mototsiklning umumiy qiymati 5,5 mln so‘mlik akkumulyatorlar to‘plami yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Dehqonobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.S G‘uzor tumanida faoliyat olib borayotgan «Aslzar» zargarlik buyumlari do‘konidan 31 mln so‘m evaziga mahsulot sotib olgan, ammo zargarlik buyumi 3 soatdan so‘ng o‘z sifatini yo‘qotganligi, ya’ni qorayib ketganligi ma’lum bo‘ldi.Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida, qonunga asosan murojaatchiga mahsulot uchun to‘lagan mablag‘i to‘liq qaytarildi.