Respublika bo‘ylab ichimlik suvi, suyultirilgan gaz va oqova suv xizmatlari bo‘yicha iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy ravishda o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “O‘ZPARAVTOTRANS” AJ buyurtmachiligida o‘tkazilgan boshlang‘ich narxi 1,9 mlrd so‘m bo‘lgan tanlovda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilganligi yuzasidan o‘rganish olib borildi.
O‘rganishlarda mazkur davlat xaridida bitta yoki bir nechta ishtirokchiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish harakatlari sodir etilganligi alomatlari kuzatildi.
Yuqoridagilarga asosan mazkur holat yuzasidan buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, Maxsus komissiyada ko‘rib chiqildi va qonunbuzilishi e’tirof etilgan holda tegishli ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarmaga “Ozodjon Qiryigitovich” xususiy korxonasi tomonidan murojaat kelib tushdi. Unda korxonaga 2024-yil noyabr-dekabr oylari uchun elektr energiyasi bo‘yicha ortiqcha to‘lov hisoblanganini va bu holatni bartaraf etishda amaliy yordam so‘ralgan.
Olib borilgan o‘rganishlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Energosavdo” Jizzax filiali tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasi buzilgani aniqlandi, ya’ni davlat tomonidan tartibga solinadigan narxlardan ortiqcha haq olingani aniqlandi.
Natijada, 3446,8 ming so‘m miqdoridagi asossiz qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma berilib, qonunbuzilish holati bartaraf etildi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro YU.G. 30 mln so‘m miqdorida Zumrad ilovasi orqali onlayn kredit rasmiylashtirgan va bu kredit bo‘yicha “ALSKOM SUG’URTA KOMPANIYASI” AJga sug‘urta to‘lovini amalga oshirgani, biroq sug‘urta polisi taqdim etilmagani yuzasidan tushgan murojaatni o‘rganib chiqdi.
Natijada sug‘urta polisi rasmiylashtirilib fuqaroga yetkazib berilishi ta’minlandi. Shu bilan birga, fuqaroga uning huquq va imtiyozlari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma Marg‘ilon shahrida yashovchi Q.D.ning avtohalokatdan so‘ng sug‘urta to‘lovini ololmayotganligi yuzasidan qilgan murojaatini o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlarda “O‘zbekInvest” AJ sug‘urta kompaniyasi sug‘urta to‘lovini turli bahonalar bilan kechiktirgan va fuqaroning qonuniy talablariga yetarli e’tibor qaratmagani ma’lum bo‘ldi.
Natijada, fuqaroga 12 mln 87 ming so‘m miqdoridagi sug‘urta puli to‘lab berilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Oqoltin tumanida yashovchi fuqaro YA.N. “Paynet” orqali notarius xizmatlari uchun 750 000 so‘m to‘lagani, biroq mablag‘ belgilangan hisob raqamga tushmagani yuzasidan murojaat qilgan.
Fuqaroning murojaati o‘rganilib, “Paynet” AJga tegishli tushuntirishlar berildi. Ko‘rilgan choralar natijasida 750 ming so‘m fuqaroga qaytarib berilishi ta’minlandi.