Raqobat qo‘mitasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, reklamaning aylanishi sohasidagi qonunbuzilish holatlarini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi hisoblanib, bu borada muntazam ravishda tizimli ishlar olib borayotganligi jamoatchiligimizga ma’lum. Xususan, Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Ipak Yo‘li” AITB tomonidan e’lon qilingan “Universal” va “Milliy” nomli omonat turlari reklamasida “Universal” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 22 foiz, “Milliy” omonat turi bo‘yicha yillik foiz stavkasi 25 foiz ekanligi haqida axborotlar berilganligi kuzatilgan. Shuningdek, bankning rasmiy veb-saytida “Universal” omonat turi bo‘yicha omonatga qo‘yilgan mablag‘lar bo‘yicha yilning dastlabki 6 oyi uchun depozit hisobraqamlari yopilishi muddatiga qarab yillik 14 foiz stavka va yilning keyingi 6 oyi uchun 18 foiz stavka bo‘yicha qayta hisoblab chiqilishi haqida ma’lumot ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo yuqorida keltirib o‘tilgan reklama vositalarida “Universal” nomli omonat turi haqidagi boshqa muhim ma’lumotlar to‘liq berilmaganligi holati aniqlandi. Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16 va 43 moddalari va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Ipak Yo‘li” AITBga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Kanalga ulanish https://t.me/RaqobatGovUz
Ushbu yangilik bilan boʻlishish