Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi https://t.me/SukutSaqlama kanalida “Bellissimo Pizza” faoliyatiga oid reklama lavhasi yuzasidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada – jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish;
milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Yuqoridagi reklama materiali bo‘yicha buyurtmachi va tayyorlovchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, reklama lavhalarini tayyorlashda shaxslarni, shu jumladan oilaviy qadriyatlarni tahqirlashga yo‘l qo‘ymaslik, qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilgan.
Qo‘mita tomonidan mazkur reklama bartaraf etilib, videorolik namoyishi to‘xtatilganligini bildiramiz.