“Toshkent haqiqati” gazetasida dorixonalarda sotilayotgan dorilarning narxlarida katta farq borligi, dorilar belgilangan narxdan yuqori ustama qo‘yilgan holda sotilayotgani haqida bildirilgan fikr yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2019 yildagi PQ-4554-son qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-iyuldan boshlab tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalarining referent narxlari Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan ariza beruvchining tegishli ariza taqdim etishidan qat’i nazar qayd etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31.10.2016-yildagi PQ-2647-son qarorining 7-bandiga muvofiq, Qo‘mitaga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosida belgilangan ustamalarga rioya etilishini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuning 13-moddasida talablariga ko‘ra, Iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatlar taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqilishi qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi qonun talablaridan kelib chiqib, fuqarolarimizda kelgusida biror bir dori vositasining sotib olishda e’tirozlari bo‘lgan taqdirda, tovar sotib olinganligini tasdiqlovchi kassa yoki tovar cheki bilan Raqobat qo‘mitasiga (1159) murojaat qilishlari mumkin. Murojaatlar qonunchilik talablari doirasida ko‘rib chiqilishi va o‘rganish natijalarida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan ushbu talablarni buzilganlik holati tasdiqlanganda belgilangan tartibda iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplash choralari ko‘rilishi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilib o‘tiladi.