Ijtimoiy tarmoqlarda aholi o‘rtasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan “HUMO AIR” mijozlarni sarson qilmoqda, pullar qaytarilmayapti…» mavzuida fuqarolar o‘z e’tirozlarini bildirib o‘z murojaatlarini qoldirishgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Ushbu holat Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqilganda, haqiqatan ham “HUMO AIR” MChJ tomonidan 2024 yilda 284 ta avia reyslar bekor qilingani va aviachipta xarid qilgan yo‘lovchilar pullarini qaytarib ololmayotganliklari ma’lum bo‘ldi. Bu bilan aviakompaniya O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19 va 21-moddalari talablari buzilganligi aniqlandi.
Xususan, Qonunning 19-moddasida Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilab berilgan.
Shuningdek, Qonunning 21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Qo‘mita olib borgan o‘rganishlar natijasida “HUMO AIR” MChJga bugungi kungacha iste’molchilardan kelib tushgan 3000 nafar murojaatlar ulardan 2000 nafar yo‘lovchining murojaati qanoatlantirildi va aviachipta uchun to‘lagan 1 mlrd 500 mln so‘m mablag‘ iste’molchilarga qaytarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, 6 nafar iste’molchining talabiga ko‘ra, aviakompaniya o‘z hisobidan boshqa aviakompaniyadan 7 mln 498 ming 758 so‘mga chiptalarni xarid qilib topshirdi. Aviakomapaniya tomonidan parvozi amalga oshmagan qolgan yo‘lovchilarga ham pulni qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi foydalanilmagan aviachiptalar uchun iste’molchilarga to‘laqonli to‘lovlarni qaytarish bo‘yicha nazorat o‘rnatilganligini ma’lum qiladi.