Ijtimoiy tarmoq orqali
(https://www.facebook.com/groups/Potrebitel.Uz/posts/785052091164 1848/ Insulin dori vositasining narxi) Kimdir insulin narxini nazorat qiladimi o‘zi? Nafaqat insulin balki boshqa dorilarni ham? Qachondan buyon tartibsizlik davom etayapti mavzuida murojaat qoldirgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Referent narxni shakllantirish tizimi doirasida dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi to’g’risidagi nizom tasdiqlandi (ro‘yxat raqami 3242, 10.06.2020 yil).
Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2019 yildagi PQ-4554-son “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori vositasining savdo nomi uchun referent narx shakllantirish tizimini monitoring va tahlil qilish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi.
Agentlik o‘z veb-saytida farmatsevtika faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlar, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazilgan va sertifikatlangan farmatsevtika mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladigan avtomatlashtirilgan axborot tizimini muntazam yuritib va yangilab boradi. Tizimga dori vositasining savdo nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan cheklangan narxlar hamda belgilangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda ulgurji va chakana cheklangan narxlar kiritiladi.
Tizimda (Reestr referentnыx sen (uzpharminfo.uz)) insulin tarkibli dori vositalarining chakana sotish uchun ruxsat berilgan narxi 35122, 67 so‘mdan (PVT LTD M.J. Biopharm Hindistonda ishlab chiqarilgan) 218237, 98 so‘mgacha (A.S. Novo Nordisk Daniyada ishlab chiqarilgan) belgilanganligi aniqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 31-oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2647-sonli qarorining:
1-bandiga muvofiq, asosan 2017-yil 1-yanvardan boshlab chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni etkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’iy nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji xarid narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllanilgan holda amalga oshirilishi belgilangan;
7-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ular narxini davlat tomonidan tartibga solishning belgilangan tartibiga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
Mazkur holatda ijtimoiy tarmoqda ko‘rsatilgan ta’sir etuvchi modda insulin tarkibli dori vositasini qaysi ishlab chiqaruvchiga tegishli ekanligi haqida tovar cheki bilan murojaat qoldirilgan taqdirda iste’molchidan ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda dorixona rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 164-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortilishini va ortiqcha olingan mablag‘ qaytarib berilishini bildiramiz.
Agarda biror bir dori vositasining chakana narxida fuqarolarimizni e’tirozlari bo‘lsa, tovar sotib olinganligini tasdiqlovchi kassa/terminal va tovar cheki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga (shu jumladan ishonch telefoni: 1159) murojaat qilsa, murojaatlari belgilangan tartibda koʻrib chiqilishini ma’lum qilamiz.