Ijtimoiy tarmoq (https://www.youtube.com/watch?v=Gs6AjGQu4DU) orqali “Chiroqlarni o‘chirib do‘kondan haydashga urunish!” nomli video post joylashtirilgan. Unda do‘konlarda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tgani haqida ma’lumot berilgan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qo‘mitaning Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlarda “Sardor Flower Garden” MChJga qarashli savdo shoxobchasida haqiqatan ham sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan qadoqlangan va kilolab tortib sotilayotgan qandolat mahsulotlarining yaroqlilik muddati o‘tgani aniqlandi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi 7-qismiga koʻra, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini ko‘rsatmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik, maʼmuriy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Bundan tashqari, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning
13-moddasiga ko‘ra iste’molchining talablari u kassa yoki tovar chekini, kafolat muddati belgilangan tovarlar bo‘yicha esa, tegishlicha rasmiylashtirilgan texnik pasport yoki uning o‘rnini bosuvchi boshqa hujjatlarni taqdim etgan taqdirda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi 11-bandiga koʻra, ushbu Kodeks
178-moddasining birinchi – sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilab qoʻyilgan.
O‘rganish natijasida, “Sardor Flower Garden” MChJ tadbirkorlik subyekti yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etdi. Yaroqlilik muddati o‘tib, iste’molga yaroqsiz holatga kelgan barcha mahsulotlar savdo rastalaridan olib tashlanishiga erishildi.
Mazkur huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etganligi sababli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash maqsadga muvofiq emasligi ma’lum qilinadi.