Ijtimoiy tarmoqda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i qachon “insof” ko‘chasiga keladi?” mavzusida qoldirilgan murojaat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari:
tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish va uni o‘z ixtiyoriga ko‘ra tasarruf etish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan tadbirkorlik faoliyati subyektlari bundan mustasnoligi;
o‘z tovarlarini (ishlari, xizmatlarini), ishlab chiqarish chiqindilarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilishga (qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) haqli ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil
30-martdagi 249-sonli qarorida narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlarida belgilangan ma’lum bir tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan amalga oshirilishi qayd qilib o‘tilgan.
Bunga ko‘ra, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i tomonidan sotilayotgan mahsulotlarning narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar (xizmat) turlari ro‘yxatiga hamda tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Yuqoridagilarga asosan, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i tomonidan sotilayotgan mahsulotlar narxlari korxonaning xarajatlari hisobga olingan holda erkin belgilanadi.
Qo‘mita xodimlari “Korzinka” ma’muriyati bilan suhbatlashganda ular tomonidan “Korzinka” supermarketlar tarmog‘idagi narxlar bozordagi narxlardan farqlanishi asosan ularning soliq to‘lovlari, avtomobil xarajatlari va xodimlar ish haqqi to‘lovlari borligi bilan izohlab berishdi. Bundan tashqari, “Korzinka” supermarketlarida rastalar soni cheklanganligi sababli aynan bir mahsulotning xilma-xilligini ta’minlash imkoniyati mavjud emasligi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasida, isteʼmolchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Qo‘mita o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalaridan kelib chiqib doimiy ravishda isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilib bormoqda. Isteʼmolchi huquqlari buzilgan taqdirda Qo‘mitaning 1159 ishonch telefoni orqali o‘z murojaatlarini qoldirishi mumkin.