Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Xorazmliklar telegram kanalida joriy yilning 20-avgust kuni soat 13:10da joylangan “Bog‘ot tumanida gaz narxi 3200 so‘mga ko‘tarildi” mazmunidagi maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan maqola yuzasidan Bog‘ot tumanidagi avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalarida sotilayotgan siqilgan gaz (metan) uchun belgilangan narx yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda, “INTIZOR FARANGIZ” MChJGa qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasida metan gaz narxi 3200 so‘mdan sotilayotganligi kuzatildi. “INTIZOR FARANGIZ” MChJga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasida sotilayotgan siqilgan gaz (metan) uchun belgilangan narx yuzasidan shoxobcha mas’ul xodimlariga berilgan tushuntirishlar natijasida siqilgan gaz (metan) narxi 2800 so‘mga arzonlashtirilishiga erishildi.
Shuningdek, hududiy boshqarma tomonidan, viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalarida sotilayotgan siqilgan gaz (metan) narxlarini asossiz ravishda oshirmaslik va yuqoridagi holat aniqlanganda tegishli choralar ko‘rilishi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, siqilgan gaz (metan) narxlari yuzasidan doimiy monitoring ishlari olib borilmoqda.
O‘rganishlar davomida, siqilgan gaz (metan) narxlari oshishiga avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga yetkazib berilayotgan gaz hajmi bo‘yicha cheklovlar joriy qilinganligi, shuningdek, aholi tabiiy gaz bilan ta’minlovchi tarmoqlarga ulangan holda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga joriy yilning sentabr oyidan tabiiy gaz yetkazib berilishi to‘xtatilishi yuzasidan “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali tomonidan ogohlantirish xatlari berilganligi ta’sir ko‘rsatganligi kuzatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-martdagi 249-son qarorida narxlarni davlat tomonidan tartibga solish qonun hujjatlarida belgilangan ma’lum bir tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan amalga oshirilishi qayd qilib o‘tilgan.
Bunga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar tomonidan avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalarida (AGTKSh) sotilayotgan siqilgan gaz (metan) davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar (xizmat) turlari ro‘yxatiga kiritilmagan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 5-bandida, narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinmaydigan tovarlarga shartnomaviy (erkin) narxlar (tariflar) qo‘llanilishi qayd qilib o‘tilgan.
Yuqoridagilarga asosan, avtomobillarni siqilgan gaz bilan to‘ldirish xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan sotilayotgan siqilgan gaz (metan) narxlari avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi “Mahsulot (ish, xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risida” 54-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida, shakllantirilishini ma’lum qilamiz.