Rasmiy munosabat
“Bugun.uz” saytida eʼlon qilingan “Kogon TYFUK tomonidan oʻtkazilgan tenderda komissiya raisining opasi bilan bogʻliq firma gʻalaba qozondi” sarlavhali maqolasi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.
Maqolada “Kogon tuman yoʻllardan foydalanish” Unitar korxonasi buyurtmachiligida 73308-sonli lot orqali eʼlonga berilgan obyektlarga qum-shagʻal aralashmasi va asfalt-beton mahsulotlarini tashib berish xizmatini bajarish uchun transport xizmati koʻrsatuvchi korxonani tanlash boʻyicha oʻtkazilgan tanlov savdosida ushbu xaridlarni amalga oshirish uchun tuzilgan xarid komissiyasining raisi bilan tanlov gʻolibi deb eʼlon qilingan “Ravon Karpareshin Trans” MCHJning rahbari opa-uka (aka-singil) ekanligi maʼlum qilinib, ushbu xaridlarni oʻtkazishda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilganligi aytib oʻtilgan.
Mazkur holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Buxoro viloyati boshqarmasi tomonidan oʻrganish ishlari olib borilganda, boshlangʻich qiymati 605,04 mln.soʻmlik tanlov 25.04.2022-yilda 10 kun muddatga eʼlonga berilganligi, tanlovda “Ravon Karpareshin Trans” MChJ va “VERTU TRANS” MChJ ishtirok etganligi, tanlov davlat xaridlarining maxsus elektron platformasida (https://etender.uzex.uz/lot/73308) elektron tartibda oʻtkazilganligi maʼlum boʻldi.
Oʻrganish jarayonida, gʻolib deb topilgan “Ravon Karpareshin Trans” MChJning taʼsischisi va rahbari 2022-yil 22-aprelda oʻzgarganligi, yaʼni ushbu jamiyat rahbari imzo namunasi AT “Xalq banki” Buxoro viloyat filiali tomonidan roʻyxatga olinganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarni hamda bank tomonidan takdim etilgan maʼlumotlarni inobatga olib, ushbu tanlov savdosida eʼlon qilingan holat boʻyicha manfaatlar toʻqnashuvi aniqlanmadi.
Shu bilan birga, tanlov jarayonidagi boshqa qoidabuzarliklar yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan vakolat doirasida oʻrganish ishlari amalga oshiriladi.