Tovar-xom ashyo birjalari va isteʼmol bozorlarida narxlarni nazorat qilish boshqarmasi tomonidan Bakiroo (https://t.me/the_bakiroo) telegram kanalida 2023-yil 12-may kuni “Asosiy oziqlardan guruch va shakar qimmat bo‘lishi kutilmoqda” sarlavhasi ostida muhokama qilinayotgan xabar bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi quyidagilarni maʼlum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-noyabrdagi PQ-3386-sonli qarori bilan 2018-yil 1-yanvardan boshlab monopolist korxonalar tomonidan faqat birja savdosi orqali bozor tamoyillari asosida sotiladigan mahsulot turlari, xom ashyo va materiallar ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, mazkur ro‘yxatga shakar mahsuloti kiritilgan.
Respublikada yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ortiq bo‘lgan mahalliy shakar ishlab chiqaruvchi (“Xorazm shakar” MCHJ va “Angren shakar” MCHJ) korxonalarning ichki ehtiyojni (o‘rtacha 650 ming tonna) 138 foizdan ortig‘ini qoplash imkoniyati mavjud.
Shakar ishlab chiqaruvchilar tomonidan ichki bozorni shakar mahsuloti bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida mahalliy ishlab chiqarish quvvatlarini o‘tgan yilga nisbatan 25 foizgacha oshirilishi rejalashtirilgan. Natijada yillik shakar ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan 1 mln tonnagacha oshishi kutilmoqda.
Bugungi kunda mahalliy shakar zavodlari Braziliya davlatidan shakar xomashyosini xarid qilishmoqda. Xususan, joriy yil 17-may holatiga mazkur zavodlarda 357 ming tonna shakar mahsuloti resurslari mavjud hamda arzon narxlarda xomashyo yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli shartnomalar imzolangan.
Shundan, omborda 8 ming tonna tayyor shakar va 78 ming tonna xomashyo, iyun oyiga qadar 271 ming tonna xomashyo yetkazib beriladi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.
Birja savdolarida kunlik qo‘yilayotgan 3100 tonna shakar mahsulotining 2110 tonnasi yoki 68 foizi realizatsiya qilinmoqda.
Bu raqamlar aholining shakarga bo‘lgan talabini uzluksiz qondirilayotganligini anglatadi.
Shuningdek, mamlakatimizda guruch mahsulotiga bo‘lgan yillik ehtiyoj 353 ming tonnani tashkil etib, 2023-yilda 392 ming tonna guruch mahsulotini ishlab chiqarish rejalashtirilgan, bu 2022-yilga (346 ming tonna) nisbatan 13 foizga ko‘p.
Umumiy yetishtiriladigan guruchning 31 foizi Xorazm viloyati, 20 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 11 foizi Sirdaryo viloyati, 10 foizi Andijon viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi PQ-3818-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyatini yana-da tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan guruch mahsulotini import qilinishida bojxona boji 0 (nol) etib belgilangan.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 5 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 14,8 ming tonna (o‘rtacha 337 doll/tn) guruch mahsuloti import qilingan (Qozog‘iston – 9.4 ming tn, Pokiston – 3 ming tn va boshqalar – 2.4 ming tn).
Maʼlumot uchun, 2022-yilda 2 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 7,8 ming tonna (o‘rtacha 257 doll/tn) guruch import qilingan (Qozog‘iston – 2.7 ming tn, Pokiston – 2,3 ming tn va boshqalar – 2.8 ming tn).
Ichki bozorda guruch mahsulotining o‘rtacha chakana narxi 1 kg alanga navi uchun 16 000 so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 21 foizga oshgan.
Shuningdek, qo‘shni davlatlarda ham guruch mahsuloti chakana narxlari oshishi kuzatildi. Xususan, Qozog‘istonda o‘tgan yilga nisbatan 27 foiz (0,87 – 1,2 dollar), Rossiyada 31 foiz (0,9 – 1,3 dollar).
Qo‘mita aholini asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, narxlar oshishi hamda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilganligini maʼlum qiladi.