2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida Bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlanishi belgilandi.
Konstitutsiyaning 95-moddasiga asosan esa, respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, qariyb yigirma yildan beri foydalanib kelinayotgan va bugungi kunda bozor munosabatlari talablariga javob bermayotgan ikkita qonunlar birlashtirildi va yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 6 iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-108-sonli Farmoni qabul qilindi va unda Qo‘mitaning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Mazkur qonunchilik hujjatlari bilan berilgan vakolatlar, funksiya va vazifalardan kelib chiqib 2023 yilda Qo‘mita tomonidan qo‘yidagi ishlar amalga oshirildi:
I. Qo‘mita markaziy apparati tomonidan 182 ta tovar va xizmatlar bozorlari tahlil qilindi. Shundan, 32 ta bozorlar to‘liq tahlil va mahsulot bilan to‘yinganligi bo‘yicha 150 ta ekspress tahlillar o‘tkazildi.
To‘liq tahlil qilingan 32 ta tovar va moliya bozorlaridan 11 tasi bo‘yicha (12 ta korxonaning) ustun mavqei e’tirof etildi, 9 tasi bo‘yicha (9 ta korxona) ustun mavqeini yo‘qotganligi e’tirof etildi, qolgan 12 ta bozorlarda raqobat yetarlicha rivojlanganligi ma’lum bo‘ldi.
II. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan project.gov.uz portali orqali Qo‘mitaga kelib tushgan 614 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining (ex-ante usulida) raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 285 ta (46 %) holatda qonunchilik talablariga zid normalar mavjud ekanligi aniqlandi.
Jumladan, 2023 yil davomida 165 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori va Farmoni loyihalari Qo‘mitaga kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 85 tasida (52 %), 339 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Qo‘mitaga kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 158 tasida (47 %) amaldagi qonunchilik hujjatlari hamda raqobat qonunchilik hujjatlari talablariga zid normalar mavjudligi yuzasidan tegishli xulosalar berildi.
III. Birja savdolari orqali jami 83,0 trln so‘mlik 52 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar realizatsiya qilingan bo‘lib, bunda mazkur aylanmaning 25 foizi (21,0 trln.so‘m) 14 ta turdagi neft va yoqilg‘i mahsulotlari hissasiga va qolgan 75 foizi (62,0 trln.so‘m) 38 ta yuqori likvidli va monopol mahsulot hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, 76 ta holatda birja savdolariga oid qonunchilik talablari buzilganligi bo‘yicha 67 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi va tegishli choralar ko‘rildi.
IV. “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilishi yuzasidan iqtisodiy tarmoq sohalaridagi ayrim korxonalarning faoliyatida 539 ta o‘rganishlar o‘tkazilib, shundan, 344 ta (64,4 foiz) holatda iste’molchilardan jami 55,7 mlrd.so‘mdan ortiq asossiz daromadlar olinganligi aniqlandi.
Tabiiy monopoliya subyektlari tomonidan 159 ta holatda tadbirkorlik subyektlari va aholidan asossiz olingan jami 39,1 mlrd.so‘m mablag‘larni ixtiyoriy ravishda bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berildi.
Mazkur ko‘rsatmalarga asosan 29,7 mlrd so‘m (tabiiy gaz – 2,1 mlrd so‘m, elektr energiyasi – 10,4 mlrd so‘m, ichimlik va issiqlik ta’minoti – 15,9 mlrd so‘m, boshqa xizmatlar – 1,3 mlrd so‘m) mablag‘lar qayta-hisob kitob qilingan qolgan mablag‘lar bo‘yicha hisob kitob ishlari olib borilmoqda.
V. Davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 62 465 ta tanlov (tender) savdolaridagi tahlillar natijasida buyurtmachilar tomonidan 18 738 ta (29,9 %) savdolar jarayonida 27 730 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.
Aniqlangan jami 27 730 ta holatdan 24 018 ta holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga, 688 tasi bo‘yicha Hisob palatasiga ma’lumotnomalar taqdim etilgan, 336 ta holat buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan, 2 688 ta holat yuzasidan Qo‘mita va hududiy boshqarmalar tomonidan ish qo‘zg‘atilib, 485 ta mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
VI. Insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha kelib tushgan jami 234 ta murojaat ko‘rib chiqilgan. Murojaatlar o‘rganilishi natijasida 62 ta ish qo‘zg‘atilganligi natijada, 47 tasida qonunbuzilishi holati e’tirof etilgan va qonunbuzilish holatini bartaraf etish to‘g‘risida 47 ta ko‘rsatma berilgan.
Shuningdek, 15 ta ish qonunbuzilish holati o‘z isbotini topmaganligi sababli ish yurituvidan tugatilgan.
VII. Qo‘mita tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqishda nodavlat-notijorat tashkilotlarini rolini oshirish hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi bilan yangi memorandum imzolandi.
O‘tgan davrda Iste’molchilar huquqlari buzilishi holatlari bo‘yicha jami 20 691 ta murojaatlar kelib tushgan.
Murojaatlarning 7 049 tasi (34 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 8 534 tasi (42,2 foiz) savdo va umumiy ovqatlanish, 4 344 tasi (21 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 764 tasi (3,6 foiz) reklama munosabatlari masalalariga to‘g‘ri keladi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda
18 868 nafar iste’molchilarning huquqlari buzilganligi aniqlangan va iste’molchilar foydasiga 20,68 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.
Shu bilan birga, savdo sohasida iste’molchilarga 720 ta holatda 1998 dona mahsulotlardagi 5,59 mlrd. so‘mdan ortiq miqdoridagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan.
Iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar va boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida turli yo‘nalishlarda Qo‘mita tomonidan 20 ta o‘rganish va tahlillar o‘tkazilgan.
VIII. Tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Reklamalarni joylashtirilishi va tarqatilishi bo‘yicha jami
55 217 ta, jumladan televideniyeda 752 ta, radio 501 ta, tashqi reklama vositalaridagi 44 857 ta, bosma nashrlarda 633 ta, internet va ijtimoiy tarmoqlarda 8 474 ta o‘rganishlar o‘tkazildi.
O‘rganish (monitoring)lar natijasida 27 947 ta holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Reklama beruvchilar tomonidan taqdim etilgan reklama eskizlarini amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan 364 ta ekspertiza va tahlillar o‘tkazilib, ularning 43 tasi (11,8 foiz) bo‘yicha reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga nomuvofiqligi haqida xulosalar berilgan.
Respublika hududida joylashgan tashqi reklama obyektlaridagi reklamalarning davlat tili qoidalariga mosligini o‘rganish yuzasidan jami 61 602 ta monitoringlar o‘tkazildi. Shundan, 23 409 (38 foiz)ta reklamalar davlat tili qoidalariga muvofiq emasligi aniqlangan.
Bunda, 8 272 (35 foiz)ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlarning, shuningdek 4 258 (18 foiz)ta reklamaning matni boshqa tillarda (asosan rus tilida) berilganligi, 7 311 (31 foiz)ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlarning matnida imloviy va lug‘aviy xatolar mavjudligi va 3568 ta boshqa holatlar aniqlangan.
IX. “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun buzilish holatlarini oldini olish maqsadida 2023 yilda 100 ta, shu kunga qadar esa jami 196 ta, shundan, 68 ta tabiiy monopoliya subyektlarida, 59 ta tovar yoki moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda, 35 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, 15 ta davlat boshqaruvi organlarida hamda 19 ta davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi to‘liq joriy etilgan.
Shu bilan bir qatorda, Qo‘mita faoliyatini yanada samarali davom etirish, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash maqsadida 2023 yilda Qo‘mita tomonidan 40 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilgan. Shundan, 7 ta O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish loyihasi, 11 ta Prezident qaror va farmonlari loyihasi, 14 ta Vazirlar Mahkamasi qarori, 7 ta Qo‘mita qaror loyihasi hamda 1 ta qo‘shma-qaror loyihasi tayyorlangan.