Ma’lumki, iste’molchilar uchun raqobatning foydali jihati — bu arzon narxlar, sifatli tovar, ish va xizmatdir. Buning uchun tovar yoki moliya bozorida raqobatchilar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, narxlar, tovar, ish va xizmatlarda raqobat ham jadal bo‘ladi. Bugungi kunda xalqaro atamashunoslikda raqobatga qarshi kelishuv yoki muvofiqlashtirilgan harakatlar “kartel” tushunchasida ifodalanadi.
“Kartel” lotincha “charta” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “qog‘oz”, italyanchada “karta”, fransuzchada “kartello” – “e’lon”, “birlashishga chaqiruv” ma’nolarini bildiradi va XIX asrdan boshlab qo‘llanib kelinmoqda. Monopolistik birlashmalar sindikat, kartel, konsern, trest ko‘rinishida tashkil topgan. Kartelga eng mos misol – bu 1860-1870-yillarda AQShdagi temiryo‘l passajir va yuk tashuvlari bo‘yicha yuzaga kelgan kartel kelishuvlarni qayd etish mumkin. Biroq, AQShda monopoliyaga qarshi qonunchilik va ularni qo‘llash amaliyoti kuchayishi natijasida kartel kelishuvlarga, monopolistik birlashmalarga qarshi keskin kurash boshlangan. Bunda “Sherman qonuni”, “Seller”, “Kleyton” hamda “Robinson-Patman” qonunlarining qabul qilinishi va amal qilishi katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Shuningdek, Rossiyada Chor Rossiyasi davrida monopoliya cheklanmagan, jumladan, kartel kelishuvlar ochiq va erkin bo‘lgan. Bunga misol: 1887 yildagi mis quvur zavodlari,1897 yildagi ko‘prik qurish zavodlari, 1908-yildagi Uralbo‘yi tuz ishlab chiqaruvchi zavodlar kelishuvlari va boshqalar hisoblanadi. Keyinchalik, Sovet Ittifoqi davrida umumdavlat monopoliyasi paydo bo‘ldi va barcha ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish to‘liq davlat nazorati va buyrug‘i ostida amalga oshirila boshlandi. 1991-1992 yillarda Rossiya Federatsiyasida “Raqobatni himoya qilish to‘g‘risida” Qonun qabul qilingan va unda kartel kelishuvlarni tartibga solish bo‘yicha qoidalar kiritilgan.
XX asr boshlarida Meksikada kartellar paydo bo‘lgan. Bunga AQSh tomonidan 1919-1933-yillarda alkogol mahsulotlariga cheklovlar kiritishi sabab bo‘lgan. Natijada kartelchilarning noqonuniy daromadi yiliga 16-50 mlrd.dollarni tashkil etgan.
O‘zbekistonda raqobatga qarshi kelishuvlarni tartibga solishga qaratilgan me’yoriy hujjat – Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-sonli “Tovar va moliya bozorlarida monopoliyaga qarshi tartibga solishga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Unda jahon amaliyotining foydali jihatlarini qamrab olgan raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi 7 ta nizom tasdiqlangan.
Xususan, Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom qoidalari O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining talablariga muvofiq ishlab chiqilgan. Nizomda raqobatga qarshi kelishuv, muvofiqlashtirilgan harakatlar, raqobatlashayotgan va raqobatlashmaydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlari kabi tushunchalar aniq ifoda etilgan.
O‘z navbatida, raqobatga qarshi kelishuvlar va harakatlar ishlab chiqarishni takomillashtirish, texnika taraqqiyotini yuksaltirish, innovasiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish, ishlab chiqarish va tovarlarni realizatsiya qilish hajmlarini ko‘paytirish yoki iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish yoxud tovarlarning jahon tovar yoki moliya bozoridagi raqobatbardoshliligini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, ushbu Nizomning 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan taqiqlar mazkur kelishuvlar va harakatlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qo‘yildi.
Nizomning 9-bandida, raqobatga qarshi kelishuv yoki muvofiqlashtirilgan harakatlar, shuningdek, iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish belgilarini aniqlashning asosiy bosqichlari;
19-bandida, raqobatga qarshi kelishuv yoki muvofiqlashtirilgan harakat ishtirokchisi bo‘lgan, mazkur kelishuv yoki harakat sodir etilganligi haqida monopoliyaga qarshi organga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda ariza bilan murojaat qilgan jismoniy shaxs, xo‘jalik yurituvchi subyekt, yuridik shaxslar birlashmasi tegishincha ma’muriy va moliyaviy javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘rsatilgan.
(Izoh: O‘RQ-850-sonli “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 42-moddasida, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar pul undirish (jarimalar) tarzida qo‘llanilishi belgilangan bo‘lib, bunda tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi raqobatga qarshi kelishuvlar tuzganlik, muvofiqlashtirilgan harakatlarni sodir etganlik, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy faoliyatini ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarga aloqador bo‘lmagan yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan chetdan muvofiqlashtirganlik uchun — tovar yoki moliya bozorida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan davrda, biroq oxirgi uch yildan ortiq bo‘lmagan davrda xo‘jalik yurituvchi subyektlarga — raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan har bir xo‘jalik yurituvchi subyektning tovarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi summasining 5 foizi hamda yuridik shaxslarning birlashmalariga — kelib tushgan a’zolik badallari summasining 5 foizi miqdorida jarimalar solinadi).
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur nizom mamlakatimizda raqobatni rivojlantirish, monopoliyaga qarshi kurashish, iste’molchilar huquq va manfaatlari ustuvorligini ta’minlash, raqobatga qarshi kelishuvlar va muvofiqlashtirilgan harakatlarni aniqlashda muhim dasturialmal hujjat hisoblanadi.
Shoxboz Zaripov,
Qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining
raqobat muhitiga ta’sirini va davlat ko‘magi
samaradorligini baholash boshqarmasi
bosh mutaxassisi