RAQOBAT QO‘MITASINING NAVBATDAGI OChIQ MULOQOTI JIZZAXDA BO‘LIB O‘TDI
Jizzax viloyatida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot tashkil etildi.
Qo‘mita raisi maslahatchisi O.Usmonov ochiq muloqotni kirish so‘zi ochib berdi va hududlar miqyosida Raqobat qo‘mitasining jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarning asosiy maqsadi va ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot davomida hududiy boshqarma boshlig‘i I. Mamatqulov 2025-yil yakunlari hamda 2026-yil I-choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim etdi. Hisobot hamkor tashkilotlar va OAV hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilinib, tadbir davomida dolzarb masalalar yuzasidan qizg‘in fikr almashinuvlar bo‘ldi.
Ochiq muloqot davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 10 ga yaqin murojaat va takliflar tinglanib, ularni hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan:
K. Gamilovning yashash xonadoni bugungi kunga qadar elektr ta’minoti bilan ta’minlanmaganligi sababli elektr energiyasiga ulanish bo‘yicha;
“ELYOR BUSINESS” MChJ vakilining reklama pasportlarini shakllantirish tizimi to‘lovlarni noto‘g‘ri hisoblayotganligi va ushbu muammoni bartaraf etish haqidagi murojaatlari qabul qilinib, ijroga yo‘naltirildi.
Shu bilan birga, Jizzax viloyat hokimiyati vakili A.Nazarovning tadbirkorlar uchun tashqi reklama pasportini bekor qilish tizimini soddalashtirish maqsadida amaldagi Hukumat qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan bergan takliflari belgilangan tartibda qabul qilindi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida “PAXTAKOR TEKS” MChJ qo‘shma korxonasi vakili “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan korxonaga asossiz ravishda 260 mln so‘mdan ortiq mablag‘ hisoblanganligi, Qo‘mita aralashuvi natijasida masala ijobiy hal etilgani uchun hududiy boshqarmaga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida: Qo‘mitaning Jizzax viloyati hududiy boshqarmasiga 2025 -yil yakunlari bo‘yicha jami 2000 dan ortiq va 2026-yil I-choragi davomida 700 ga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlar va o‘rganish ishlar natijasida 2025-yil davomida 48 mingdan ortiq iste’molchilarning huquq va manfaatlari himoya qilinib, ular foydasiga qariyb 10 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, 2026-yilning I-choragida esa 4500 ga yaqin iste’molchilar manfaati himoya qilinib, ular foydasiga 1,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Bunday ochiq muloqotlar aholi, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlab, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va samarali yechimlar topishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, fuqarolar murojaatlari e’tiborda bo‘lib, ularning qonuniy manfaatlari himoya qilinadi.








