Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaat asosida Qonliko‘l tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan amalga oshirilgan tanlov savdosi o‘rganilganda Buyurtmachi tomonidan 250 000 000 so‘mlik davlat xaridi bo‘yicha o‘tkazilgan tanlash savdolarida qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgan.
Qo‘mita tomonidan Qonliko‘l tumani mazkur tibbiyot birlashmasiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tanlash savdosini bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
Samarqand viloyati Hududiy boshqarma tomonidan Paxtachi tumani 1-son politexnikumi tomonidan 70 mln so‘mga yaqin qurilish materiallarini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan davlat xaridlari yuzasidan o‘rganishlar olib borilganda “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgani aniqlandi.
Natijada Maxsus komissiya tanlov savdosi natijasini haqiqiy emas deb topgan hamda kelgusida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma bergan. Shuningdek, mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
Toshkent viloyati Hududiy boshqarma tomonidan “MEGA TEX MADINABONU” MCHJning Chinoz tumani tibbiyot birlashmasi “Chinoz tuman tibbiyot birlashmasida kompleks tayyor issiq ovqat bilan ta’minlash xizmati” bo‘yicha boshlang‘ich narxi 1 mlrd. 200 mln so‘mga yaqin o‘tkazilgan tanlovi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlarda mazkur davlat xaridida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan, savdolarni o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish taqiqlanishi bo‘yicha talablari buzilganlik holatlari mavjudligi aniqlandi.
Natijada Maxsus komissiya tomonidan Chinoz tumani tibbiyot birlashmasiga belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.
Toshkent shahar Hududiy boshqarma tomonidan “Monument Stroy” MCHJning murojaati asosida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining o‘tkazgan boshlang‘ich narxi 971 mln so‘mdan ortiq tender savdosida qonunchilik talablariga rioya etilganlik holati o‘rganildi.
Natijada, mazkur oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdosida qonun talablari buzilgani aniqlanib, holat yuzasidan Buyurtmachiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Maxsus komissiya tomonidan tegishli qaror va ko‘rsatma berilishi bilan birga, qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan tegishli ma’lumotlar sud organlariga yuborildi.