Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida fuqarolardan avtomobillar, ularni sifati, yetkazib berish muddatlarining kechikishi, ehtiyot qismlaridagi nosozliklar va ularni kafolat muddatida ta’mirlashda muammolar yuzaga kelgani bo‘yicha 900 ga yaqin tushgan murojaatlarini ijobiy hal etdi.
Navoiy viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga avtomobil sohasiga oid kelib tushayotgan yechimtalab murojaatlardan biri Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro A.O.ga tegishli bo‘lib, unda yetkazilgan avtomashinaning ehtiyot qismida moslamaning mavjud emasligi bo‘yicha shikoyat qilgan.
O‘rganishlar jarayonida fuqaro 2024-yil avgust oyida 230 mln so‘mga “BILLUR AVTO SAVDO NAVOIY” MChJdan “TRACKER-2” avtomashinasi xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzgani, ammo avtomashinaning boshqaruv rulining isitish moslamasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga avtosalon tomonidan 535,4 ming so‘m ortiqcha olingan mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga Yangiariq tumanida yashovchi S.M.ning o‘z turmush o‘rtog‘i nomiga “AVTO-LAYNER XORAZM” MChJ bilan shartnoma bo‘yicha “GENTRA” rusumli avtomobil uchun 146 mln so‘m to‘lovni amalga oshirganligi, avtomashina esa kechiktirib yetkazib berilgani, ammo unga jamiyat tomonidan bir yildan buyon kompensasiya pullari to‘lab berilmayotganligi bo‘yicha murojaat qilgan.
O‘rganish davomida, haqiqatdan ham murojaatlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi ya’ni shartnoma shartlarida keltirilgan muddatdan kechikib yetkazib berilgani ma’lum bo‘ldi.
Olib borilgan tushuntirishlar natijasida, fuqaroga “AVTO-LAYNER XORAZM” MChJ 850 000 so‘m miqdoridagi kompensasiya pullari to‘lab berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro X.H.dan tushgan murojaat o‘rganib chiqilganida “BUXOROAVTOTEXXIZMAT” MChJdan “TRACKER-2” rusumli avtomashinasi sotib olingani, ammo avtomashina hujjatlarini rasmiylashtirilganda xatolikka yo‘l qo‘yilgani, fuqaroning korxonaga qilgan murojaatlari hal etilmagani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganishlar natijasida hududiy boshqarma sa’y-harakati bilan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan “TRACKER-2” rusumli avtomashinasiga berilgan hisob-ma’lumotnomasidagi vin raqami tuzatib berilib, iste’molchining murojaati ijobiy hal etildi.