Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika hududlarida kesimida savdo, ta’lim, aloqa va kommunal xizmatlari sohalarida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar doimiy o‘rganilib, ularning huquqlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
🔘Andijon viloyati misolida
Fuqaro T.F va A.Rlar “Market Baraka” ko‘chma savdo do‘konidan turli xil turdagi uy-ro‘zg‘or buyumlarini qo‘shimcha to‘lovlarsiz muddatli to‘lov asosida sotib olganligini, biroq keyinchalik mahsulotlarni sug‘urtasi uchun qo‘shimcha 600 000 so‘m pul yechib olayotganligidan noroziligini bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat yuuzasidan hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, 2 ta iste’molchiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan ortiqcha olingan to‘lovlar 300 000 so‘mdan, jami 600 000 so‘m miqdorida pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Farg‘ona viloyati misolida
Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro M.X yashash xonadonidagi eski turdagi gaz hisoblagichni yangi aqlli hisoblagichga almashtirish maqsadida so‘nggi ikki yil mobaynida “Hududgaz Farg‘ona” AJ Farg‘ona filialiga bir necha bor murojaat qilgan bo‘lsada, hech qanday natija bo‘lmaganligidan noroziligini bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, “Hududgaz Farg‘ona” AJ Farg‘ona shahar bo‘limi tomonidan fuqaroning xonadonidagi eski turdagi gaz hisoblagich zamonaviy elektron (aqlli) gaz hisoblagichga almashtirib berilishi ta’minlandi.
🔘Jizzax viloyati misolida
Paxtakor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.Sh. Sh.RaShidov tumanidagi avtomaktabga haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qishga murojaat qilib, belgilangan 6,5 mln so‘m to‘lovning 3 mln so‘mini to‘lagan va 4 oy davomida o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashgan. Keyinchalik avtomaktab faoliyati to‘xtatilgani va to‘lov qaytarilmasligi ma’lum qilingach, fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat etgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida yakunlanmagan o‘quv mashg‘ulotlari uchun to‘langan 3 mln so‘m pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlandi.
🔘Namangan viloyati misolida
Fuqaro R.N. “Beeline” kompaniyasi tomonidan ortiqcha mablag‘ yechib olinishi va raqami bloklanishidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, “Beeline” kompaniyasi tomonidan fuqaroga 70 ming so‘m qaytarilib, raqam faollashtirilishi ta’minlandi.
🔘Navoiy viloyati misolida
Karmana tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro T.A. 4,3 mln so‘mga Ziffler kondisioneri xarid qilib, 3-yillik kafolatli servisga ega bo‘lgan. Biroq kondisioner xonadonga o‘rnatilgandan so‘ng u kuchli shovqin chiqargan va fuqaro sotuvchi hamda servis markaziga bir necha bor murojaat qilganiga qaramay muammo hal etilmaganidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida “DARIAN ELEKTRONICS” MChJ servis markazi tomonidan fuqaro T.A.ga tegishli kondisionerdagi nosozlik to‘liq bartaraf etilishi ta’minlandi.
🔘Qashqadaryo viloyati misolida
Fuqaro X.F. “Ishonch” savdo do‘konidan 4 600 000 so‘mga muzlatgich xarid qiladi, ammo hech qancha vaqt o‘tmasdan mahsulot nosoz holga kelib qoladi. Fuqaro mazkur masala bo‘yicha do‘kon rahbariyatiga murojaat qilgan bo‘lsada muammo ijobiy hal etilmagani uchun hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida murojaatchiga muzlatgich uchun to‘langan 4 600 000 so‘m mablag‘i to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida
Qo‘ng‘irot tumanida istiqomat qiluvchi S.A.ning O‘zbekiston savdo do‘kondan xarid qilingan yangi idishlar sifatsiz bo‘lib chiqqanligi sababli sarflagan mablag‘larni qaytarib olishda amaliy yordam so‘rab, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan murojaatda keltirilgan masala yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilishi natijasida savdo do‘koni tomonidan 150 000 so‘m puli fuqaroga qaytarilib berilishi ta’minlandi.