Raqobat qo‘mitasi tomonidan qurilish sohasiga oid murojaatlar asosida 22,1 mlrd so‘m fuqarolar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi
2025-yilda Raqobat qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uylardan xonadon xaridi bo‘yicha 1 700 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Ularning 76 foizi ijobiy hal qilinib, 22,1 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Murojaatlarning asosiy qismi uylarning ta’mir sifati (42,9 %) va kommunikatsiya tarmoqlari (40,8 %) bilan bog‘liq bo‘lib, 16,3 foizi uylarni o‘z vaqtida topshirilmasligiga to‘g‘ri kelgan.
Qo‘mita tomonidan 130 ga yaqin quruvchi–iste’molchi shartnomalari o‘rganilganda aksariyat shartnomalarda qayta hisob-kitob mexanizmi, obyektni topshirish muddati, kechiktirish uchun penya, kafolat muddati va nuqsonlarni bartaraf etish majburiyatlari belgilanmagan.
Shartnomani bekor qilish masalasida ham kamchiliklar kuzatilib, aksar holatlarda faqat quruvchi manfaatlari ko‘zda tutilgan. Shuningdek, shartnoma bekor qilinganda xaridorga to‘lovni qaytarish muddatlari asossiz ravishda 30–180 kundan tortib, 24–36 oygacha etib belgilangan.
Bundan tashqari, ayrim holatlarda “Agent” yoki “Tijorat vakili” orqali tuzilgan shartnomalarda qurilishga mas’ul quruvchi tomonidan shartnoma imzolanmay rasmiylashtirilgani aniqlangan. Tabiiyki, shartnomadagi bu kabi qonunbuzilish holatlari va mavjud kamchiliklar iste’molchilarning huquqlarini buzilishiga olib keladi va majburiyatini bajarmagan “Quruvchi”ga esa hech qanday huquqiy jihatdan javobgarlik belgilanmaydi.
Qo‘mita tomonidan 120 ta turar joy majmuasi bo‘yicha berilgan reklama holati o‘rganilib, ruxsat hujjatlarisiz va elektron ro‘yxatga kiritilmagan bir qator obyektlar reklama qilingani aniqlandi va qurilish kompaniyasi hamda reklama beruvchilarga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi, qonunbuzilish holatlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, ruxsat hujjatlariga ega bo‘lmagan qurilish obyektlarini reklama qilmaslik yuzasidan OAV va reklama sohasi agentliklariga ogohlantirish xatlari yuborildi.
Mazkur tahlillar asosida ishlab chiqilgan takliflar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalariga taqdim etildi.
‼️ Yodda tuting!
Hurmatli fuqarolar, Raqobat qo‘mitasi ko‘p kvartirali uylardan xonadon xarid qilishda shartnoma shartlari bilan to‘liq tanishib chiqishingiz va ularning reklamasida berilayotgan ma’lumotlarni aniq manbalardan: elektron ro‘yxat va “Shaffof qurilish” tizimida mavjudligini ochiq manbalardan tekshirib ko‘rishingizni tavsiya qiladi.








