RAQOBAT QO‘MITASI TOMONIDAN QONUN HUJJATLARI VA DAVLAT ORGANLARI QARORLARINING RAQOBAT MUHITIGA TA’SIRINI BAHOLASH SOHASIDA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR
Joriy yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan project.gov.uz portali orqali Qo‘mitaga kelib tushgan 434 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (ex-ante)ni raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlandi, shundan 182 tasi (42 %) qonunchilik talablariga zid normalar ekanligi aniqlangan.
Ma’lumot uchun: yil boshidan 228 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi Qo‘mitaga kelib tushgan bo‘lsa, shulardan 97 tasida (43 %) amaldagi qonunchilik hujjatlari, shu o‘rinda monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlari talablariga zid normalar mavjudligi yuzasidan tegishli xulosalar berilgan.
Misol uchun: Joriy yil boshidan Qo‘mitaga
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kiritilgan 45 ta loyihalardan 20 tasida raqobatga zid normalar;
Energetika vazirligi tomonidan kiritilgan jami 36 ta loyihalardan 22 tasida raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik hujjatlariga zid normalar aniqlanib, Qo‘mitaning tegishli xulosalari taqdim etilgan.
Respublika bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlarining qabul qilgan jami 165 607 ta (ex-post) normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazildi. Shundan, 595 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan:
Vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar tahlil qilinganda Sog‘liqni saqlash boshqarmalari 11 ta, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmalari 6 ta, Madaniyat hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari tomonidan 2 ta holatda monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlari talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Hududlar kesimida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgan yuqori ko‘rsatgichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida 112 ta, Xorazm viloyatida 102 ta, Jizzax viloyatida 83 ta, Samarqand viloyatida 53 ta, Qashqadaryo viloyatida 46 ta va Sirdaryo viloyatida 37 ta holatni tashkil etadi.
Misol uchun,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi misolida,
- Nukus shahar hokimligining 2023-yil aprel oyidagi xati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashidan Nukus shahridagi irrigatsiya tarmoqlarini yangidan tortish va quyosh energiyasi bo‘yicha uskunalarni o‘rnatish ishlarini olib borish uchun Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasini buyurtmachi etib, “Jayhun jol joybar” MChJni loyihachi etib va “Sokol City” MChJni qurilish ishlarini olib borish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri biriktirib berishda amaliy yordam ko‘rsatish so‘ralgan.
- Taxiatosh tumani hokimligining 2023-yil yanvar oyidagi xati bilan tumandagi korxona va tashkilotlarga Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71 son qarorida belgilangan tartibni noto‘g‘ri talqin qilib xat kiritilgan (qurilish yuzasidan tasdiqlangan hujjatlar tuman (shahar) qurilish sho‘basi tomonidan tegishli hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashlari hamda “O‘zshaharsozlikLITI” DUK, “TashkentboshplanLITI” DUK va “Qishloqqurilishloyiha” MChJ bilan kelishish kerakligi bayon etilib, xatlar jo‘natilgan). Biroq, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-son qarorida yuqoridagi korxonalar bilan kelishish bo‘yicha normalar belgilanmagan.
Xorazm viloyati misolida,
- Gurlan tuman hokimligining joriy yil 29-martdagi 04/354-sonli chiqish xatida “GURLAN GLOBAL TEKS” MChJga (paxta to‘qimachilik klasteri) tumanda faoliyat yuritib kelayotgan “Bozor tomat pastasi” MChJning faoliyati to‘g‘risida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilishda amaliy yordam ko‘rsatilishi so‘ralgan.
- Urganch shahar hokimligining 2022-yil 1-dekabrdagi bir necha chiqish xatlarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Urganch shahri Mudofaa ishlari bo‘limi tomonidan olib borilayotgan qurilish ta’mirlash ishlari uchun aynan bitta tadbirkorlik subyekti, ya’ni “KHUDASHUKUR AVTO” MChJ (1314-sonli xat bo‘yicha), “OMAD” xususiy korxonasi (1315-sonli xat bo‘yicha), “XORAZM OSIYO” xususiy korxonasi (1316-sonli xat bo‘yicha), “YASHNAR NUROBOD” xususiy korxonasi (1317-sonli xat bo‘yicha), “FOREST” MChJ (1318-sonli xat bo‘yicha) nomzodlari berilgan.
Yuqoridagi aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan boshqa tadbirkorlik subyektlariga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan harakatlari bo‘yicha tuman va shahar hokimliklariga Qo‘mita tomonidan raqobatni cheklovchi harakatlar sodir etmaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qaror va ko‘rsatmalar berilgan.
Bugungi kunga qadar yuqorida keltirib o‘tilgan kabi holatlar yuzasidan 74 ta ishlar yurituvga olingan bo‘lib, 68 ta ishlar yakuni yuzasidan Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmalari yuborilgan va 112 ta raqobatga qarshi hujjatlar bekor qilinishi ta’minlangan.