Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ijtimoiy tarmoqlarda “Qaxramon tabib” nomi bilan tanilgan fuqaro Sirajov Kaxramon Qudratovich o‘ziga tegishli “@ kakhramon” nomli sahifasida biologik faol qo‘shimchalarini qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda reklama qilganligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, reklama ta’sirini kuchaytirish maqsadida biologik faol qo‘shimchalarini noto‘g‘ri taqqoslash, shu jumladan biologik faol qo‘shimchasining ta’sir xususiyati bo‘rttirib ko‘rsatilganligi hamda umumiy tavsifi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmaganligi kuzatilgan.
📃 O‘z navbatida, biologik faol qo‘shimchasi reklamasini bunday ko‘rinishda bo‘lishi iste’molchilarda ular dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida tasavvurini yuzaga keltirishi mumkin.
🔘O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga qo‘yilgan bir qator talablar belgilangan bo‘lib, ular quyidagilardan iborat.
🔘Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
🔘ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
🔘ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
🔘sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
🔘ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
🔘voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
‼️ Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlar yuzasidan Qo‘mitaning Maxsus komissiyalari tomonidan fuqaro Sirajov Qaxramon Qudratovichga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.








