Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolardan bank, sug‘urta va savdo xizmatlar borasida tushayotgan murojaatlar o‘rganilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinmoqda.
Hududlar kesimida misollar
🔘Qashqadaryo viloyati
Fuqaro S.A. bank orqali avtomashina kreditini rasmiylashtirib, “Evro Aziya” sug‘urta kompaniyasi bilan sug‘urta shartnomasi tuzgan. Kredit muddatidan oldin to‘langaniga qaramasdan, shartnomaga muvofiq qaytarilishi lozim bo‘lgan 660 000 so‘m mablag‘ sug‘urta kompaniyasi tomonidan qaytarilmagani sababli, fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, sug‘urta tashkiloti tomonidan fuqaroga mablag‘lar to‘liq shaklda qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Fuqaro To‘rtko‘l tumani pochtasi tomonidan sug‘urta kompaniyasidan jarima haqidagi xat o‘z vaqtida yetkazilmagani sababli sud tomonidan davlat bojini to‘lashga majbur bo‘lganligini bildirib, yetkazilgan zararni qoplash masalasida qo‘mitaga murojaat qilgan.
Qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, “O‘zbekiston pochtasi” AJ Qoraqalpog‘iston filiali tomonidan fuqaroga yetkazilgan 1 500 000 so‘m moddiy zarar qoplab berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent shahar
Fuqaro “Spine.centre.tashkent” markazining fitnes xizmati uchun to‘lov qilib, xizmatdan ikki marotaba foydalangan. Xizmat ma’qul kelmagani sababli foydalanilmagan kunlar uchun mablag‘ni qaytarishni so‘ragan, biroq so‘rovi qondirilmaganligi sababli hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan fuqaroga foydalanilmagan kunlari uchun 1 390 000 so‘m miqdorda pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
🔘Toshkent viloyati
Fuqaro TBC bankdan olingan mikroqarz uchun oktyabr va noyabr to‘lovlarini oldindan amalga oshirgan bo‘lsa ham, noyabr oyi uchun 1,632,000 so‘m kartadan yechib olingan va penya ham hisoblangani uchun hududiy boshqarmaga e’tiroz bilan murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqaroga 1 620 000 so‘m miqdorda pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.








