Raqobat qo‘mitasi so‘rovi natijasida mahalliy yo‘nalishlarda (oddiy va tez yurar) tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmoqda
So‘nggi vaqtlarda Qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarda temir yo‘lda yo‘lovchi poyezdlarining belgilangan jadvaldan kechikishi, jo‘nab ketishi kechikkanligi yoki manzilga kech yetib kelganligi holatlari yuzasidan e’tirozlar bildirilmoqda.
Xususan, 2025-yil davomida mazkur masala bo‘yicha Qo‘mitaga 51 ta murojaat kelib tushgan. Jumladan, fuqaro M.X. tomonidan qoldirilgan murojaatda Toshkent–Buxoro–Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanuvchi “Sharq” poyezdlari doimiy ravishda 40 daqiqadan 1 soatgacha kechikib kelayotgani, shuningdek chiptalarda poyezd kelishi haqidagi to‘g‘ri ma’lumot ko‘rsatilmaganligi ta’kidlangan. Bunday holatlar yo‘lovchilarning shaxsiy ish rejalari va ularni kutib oluvchilar rejalariga ham ta’sir ko‘rsatishi qayd etilgan.
Mazkur masala bo‘yicha normativ huquqiy hujjatlardagi tartiblar o‘rganilganda, tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmagani aniqlandi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, iste’molchilar tovar va xizmatlarni erkin tanlash, ularning sifatli bo‘lishini talab qilish, shuningdek yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shuningdek, iste’molchi huquqlarini cheklaydigan yoki qonunchilikka zid shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi va bunday hollarda yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi tomonidan qoplanishi belgilangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida mazkur qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, jumladan, tashuvchining aybi bilan poyezd kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiyasini to‘lash tartibini joriy etish yuzasidan Transport vazirligiga so‘rov yuborildi.
Qo‘mita so‘rovi bo‘yicha Transport vazirligining ma’lum qilishicha, ayni paytda “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning yangi tahriri ishlab chiqilayotgan bo‘lib, unda poyezd kechikkan hollarda mahalliy yo‘nalishlarda (oddiy va tez yurar) poyezdlarda yo‘lovchilarga quyidagi miqdorlarda kompensatsiya to‘lash belgilanmoqda:
➡️a) 15 daqiqadan 30 daqiqagacha kechikkanlik uchun yo‘lkira (chipta va plaskart) qiymatining 15 foizi miqdorida;
➡️b) 31 daqiqadan 60 daqiqagacha kechikkanlik uchun yo‘lkira (chipta va plaskart) qiymatining 25 foizi miqdorida;
➡️v) 61 daqiqadan 120 daqiqagacha kechikkanlik uchun yo‘lkira (chipta va plaskart) qiymatining 50 foizi miqdorida;
➡️g) 121 daqiqadan ortiq kechikkanlik uchun yo‘lkira (chipta va plaskart) qiymatining 100 foizi miqdorida.
Ma’lumot uchun: yuqoridagi tartib hozirda faqat “Afrosiyob” poyezdlari kechikishi uchun mavjud edi, Raqobat qo‘mitasi so‘rovi asosida ushbu tartib boshqa mahalliy yo‘nalishlarda (oddiy va tez yurar) poyezdlarga ham tatbiq etish nazarda tutilmoqda.
Ushbu o‘rinda, Raqobat qo‘mitasi Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ushbu harakatlarini olqishlaydi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan temir yo‘l transportidan foydalanishda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, sohada raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar uchun qulayliklar yaratish borasidagi bu kabi ishlar tizimli davom ettirilmoqda.








