Bayram yaqinlashgani sayin, yangi yil munosabati bilan ko‘plab tadbirkorlik subyektlari savdoni oshirish, iste’molchilarni jalb qilish maqsadida turlicha AKSIYA va CHEGIRMAlarni taqdim etishadi.
Albatta, Raqobat qo‘mitasi bunday tadbirlarni iste’molchilarning manfaatlari yo‘lida qo‘llab-quvvatlaydi va har qanday huquqiy ko‘mak hamda tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatishga doimo tayyor.
Biroq, ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘z manfaatlarini o‘ylab yolg‘on chegirma yoki aksiyalarni e’lon qilish holatlari yoki chegirma miqdori, aksiyaga qo‘yilgan tovarlar soni va boshqa zarur axborotlarni taqdim etmaslik holatlari aniqlanmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yilning o‘tgan vaqti davomida Qo‘mitaga kelib tushgan 48 mingdan ortiq murojaatlarning asosiy qismi iste’molchilarga to‘g‘ri va tushunarli axborot taqdim etilmaganlik holatlariga to‘g‘ri keladi.
Misol uchun: bugungi kunda “yangi yil aksiyasi”, “yangi yil chegirmasi”, “birini oling ikkinchisi tekinga”, “chegirma e’lon qildik”, “aksiyamiz boshlandi”, “chegirma 50 foiz”, “barcha tovarlarga aksiya”, “faqat bugun ulgurib qoling” va boshqa turdagi jalb qiluvchi aksiyalar ko‘paymoqda.
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan Chakana savdo qoidalariga ko‘ra:
Sotuvchi o‘z tovarlariga nisbatan chegirmalarni e’lon qilishda tovarlar va narxlar hisobini yuritishga, tovarning oxirgi 30 kunda amalda bo‘lgan narxlarini qayd etish hamda iste’molchining talabiga ko‘ra, mazkur ma’lumotlarni taqdim etishga majbur.
Sotuvchi tovarlar narxiga nisbatan chegirma qo‘llashda:
chegirmani aniq foiz yoki summa shaklida belgilashi hamda tovar narxi oson aniqlanishi va aniq o‘qilishini ta’minlashi;
iste’molchining talabiga ko‘ra, har bir tovar uchun chegirma narxgacha bo‘lgan narx to‘g‘risida aniq ma’lumot taqdim etishi;
sotuvchi tovarning chegirma e’lon qilingunga qadar oxirgi 30 kundagi eng past narxini tasdiqlovchi hujjatlar (dalillar) bilan asoslashi (qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno);
agarda chegirma narxda sotilishi nazarda tutilgan tovar soni cheklangan yoki mavsumiy yoxud mahsulotlarining holatiga bog‘liq bo‘lsa (xizmat qilish muddati yoki yaroqlilik muddati yaqinlashgan, but bo‘lmagan, mavsumiy sotish, eski zaxiralarni tugatish, qadoqlashning shikastlanishi va/yoki boshqa sabablar), bu haqida sotuvchi chegirma to‘g‘risidagi ma’lumotda iste’molchilarni xabardor qilishi;
chegirma narxning amal qilish muddati (boshlanish va tugash sanasi) aniq ko‘rsatilishi, agar chegirma narx faqatgina muayyan sharoitlarda qo‘llanilsa, bu sharoitlar oldindan ma’lum qilinishi;
agar chegirmani taqdim etish iste’molchidan shaxsga doir ma’lumotlarni berish yoki ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilsa, sotuvchi shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi va iste’molchilarni ularning ma’lumotlarini qayta ishlash maqsadlari va shartlari to‘g‘risida xabardor qilishi shartligi belgilangan.
Chegirma e’lon qilinganda, uning shartlari va amal qilish muddati aniq ko‘rsatilishi lozim.
Sotuvchi rag‘batlantiruvchi aksiya o‘tkazishda rag‘batlantiruvchi aksiyaning amal qilish muddati, sotib olish shartlari, rag‘batlantiruvchi aksiyaga qo‘yiladigan tovarlar nomi (turkumi), miqdorini iste’molchilarga aniq va tushunarli qilib yetkazishi, shartlarini o‘zgartirmasligi, taklif etilayotgan chegirma, bonus va boshqa imtiyozlar haqiqatda amal qilishini ta’minlashi shart.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini sotishda chegirmalar qo‘llash shuningdek, dori vositalari, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha hamda energetik ichimliklar reklamasida rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlik subyektlarini qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishlari lozimligi, ushbu talablar buzilishi aniqlangan taqdirda tegishli javobgarlik va moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, chora ko‘rilishi yuzasidan ogohlantiradi.
Eslatma: «Tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari» to‘g‘risidagi Qonunning 9-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyati subyektlari raqobat to‘g‘risidagi va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishlari shart.








