Raqobat qo‘mitasi ichki iste’mol bozorida mahsulotlarning texnik reglament va davlat standartlariga rioya qilgan holatda sotilishini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda doimiy nazorat xaridlarini amalga oshirib kelmoqda.
O‘tkazilgan nazorat xaridlari hududlar kesimida:
Andijon viloyati
Hududiy boshqarma o‘tkazgan nazorat xaridi davomida, “NUMON FAYZ BARAKA” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan osh tuzi mahsulotini tamg‘alashda texnik reglament talablari buzilgani aniqlanib, tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda, holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 212-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtirildi hamda tegishli chora ko‘rildi.
Farg‘ona viloyati
Hududiy boshqarma va tegishli mutasaddi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan nazorat xaridi chog‘ida quyidagi mahsulotlar belgilangan texnik reglament va davlat standartlari bo‘yicha baholandi:
✅KRISTAL ICE aroq mahsuloti (“MASTONA” AJ)da ishlab chiqarilgan sana va zarur ogohlantirish matnlari ko‘rsatilmaganligi;
✅BELOE POLUSLADKOE VINO vino mahsuloti (“FERGANA FRANSE” MChJ)da davlat tilidagi yozuvlar yo‘qligi;
✅KENT MIX sigareta mahsuloti (“UZBAT AO” AJ)da “Chekish sog‘liq uchun xavfli” iborasi mavjud emasligi aniqlandi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Farg‘ona viloyatida sotilayotgan dori vositalarining sifati va hujjatlari yuzasidan tegishli tashkilotlar hamkorligida nazorat xaridi o‘tkazildi. Nazorat natijasida Jizzax shahridagi “Akromfarm” MChJ tomonidan sotilgan 2 turdagi mahsulot – infuzion eritmalarni yuborish tizimi va aktivlashtirilgan bio ko‘mir tabletkalari – Davlat reyestriga kiritilmagani va muvofiqlik sertifikatisiz sotilganligi aniqlanib, mazkur holat bo‘yicha tegishli organga murojaat kiritildi.
Namangan viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “MADAD SERVIS-HDD” MChJning “Afsona” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilgan Lavash xamiri mahsuloti bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi. Mahsulotdan olingan namunalar vakolatli organlar tomonidan laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilib, natijada mahsulot yorlig‘ida ishlab chiqarilgan sana, ochilgandan keyingi saqlash muddati, foydalanish bo‘yicha tavsiyalar va cheklovlar ko‘rsatilmagani aniqlandi.
Shuningdek, korxona “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 6 va 11-moddalari talablarini buzgan deb topilib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatma berildi.
Navoiy viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridlarida “Imomali Qurilish Story” MChJ savdo do‘konidan ishlab chiqaruvchisi noma’lum bo‘lgan diametri 12 mm bo‘lgan metall prokat (armatura) mahsuloti xarid qilinib, “UzTest” laboratoriyasi tomonidan o‘rganildi. Sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha mahsulot amaldagi standartlarga mos kelmasligi aniqlangan.
Shuningdek, “Navoiy don mahsulotlari” AJning 1-navli uni, “Golden Grain Business Group” MChJning oliy navli uni va “Baxt va omad gulshani” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan kolbasa mahsulotlari texnik reglament talablariga nomuvofiq deb topilgan.
Ushbu nazorat tadbirlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida muhim ahamiyatga ega. Qo‘mita va hamkor idoralar tomonidan bunday tadbirlar muntazam amalga oshirilib kelinmoqda.