Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida zimmadagi vazifalar doirasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Hisobot davrida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan project.gov.uz portali orqali Qo‘mita va uning hududiy organlariga tushgan 1242 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarining raqobat muhitiga ta’siri yuzasidan xulosalar tayyorlangan, shundan 104 ta (8,4 foiz) qonunchilik talablariga zid normalar mavjudligi aniqlangan. Respublikamiz bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruv organlarining qabul qilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlari raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan o‘tkazilganda 291 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bu holatlar bo‘yicha tegishli ishlar qo‘zg‘atilgan va yakuni yuzasidan qaror hamda ko‘rsatmalar yuborilib, 76 ta hujjat bekor qilingan.
Qo‘mita tomonidan davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 18 131 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borilgan. Pirovardida buyurtmachilar tomonidan 6 838 ta savdolar jarayonida 10 632 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan. Xususan, davlat buyurtmachilari tomonidan joriy yilning iyul oyiga qadar davlat xaridlari elektron tizimlari (xarid.uzex.uz, xt-xarid.uz, tender.mc.uz) orqali amalga oshirilgan savdolarning 10 433 tasi Qo‘mita tomonidan tahlil qilingan. O‘rganilgan tanlov (tender) savdolarining tahlili orqali buyurtmachilar tomonidan 1 340 ta savdo jarayonida 1 375 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan.
Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan jami 440 ta tovar va xizmatlar bozori tahlil qilingan. Shundan 134 ta bozor, jumladan, elektron hisoblagich, yagona dasturiy texnik kompleksida xizmat ko‘rsatish, qurilish oynasi, shisha idish (banka) mineral o‘g‘itlar, vagon tarozilarini o‘rnatish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish, gazabeton, 1,0 m3 hajmli IBC-EUROCUB HDPE mahsuloti ishlab chiqarish, daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish, qayta ishlangan (boyitilgan) kaolin mahsulotini ishlab chiqarish, temir yo‘llari sohasidagi turli xizmatlar bozorlari hamda obyektlarni joylashtirish uchun yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha kelishish xizmatlari bozorlarida raqobat muhiti holatini baholash ishlari olib borilgan. Natijasiga ko‘ra, 3 ta korxona 2 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha (“Toshelektroapparat” MChJ XK va “Elektron hisoblagich” MChJ QK elektron hisoblagich realizatsiya qilish bo‘yicha hamda “Angren Kaolin” MChJ boyitilgan kaolin realizatsiya qilish bo‘yicha) davlat reyestriga kiritilgan. Shuningdek, 3 ta korxona 2 ta tovar va xizmatlar bo‘yicha (“ToshkentboshplanLITI” va “O‘zshaharsozlikLITI” DUKlar obyektlarni joylashtirish uchun yer uchastkalarini tanlash bo‘yicha kelishish xizmati bo‘yicha hamda “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ vagon tarozilarini o‘rnatish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha) davlat reyestridan chiqarilgan.
Shuningdek, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlariga ta’sir etuvchi omillar yuzasidan dastlabki tahlil o‘tkazilgan, shu jumladan, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi bozoridagi konsentratsiya holati yuzasidan ma’lumot, oziq-ovqat bozorlarida davlat
intervensiyasini amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish va inflyatsiya darajasini belgilangan prognozlar ko‘rsatkichlarda barqarorligini saqlash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuborilgan. Bundan tashqari, ichki bozorning mamlakatimizda ishlab chiqarilgan tovarlar bilan to‘yinganligini aniqlash maqsadida, 103 tadan ortiq tovar bozorida olib borilgan o‘rganishlarda 57 ta tovar bozori mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari bilan to‘yinganligi va 46 ta tovar bozorining to‘yinganlik darajasi pastligi ma’lum bo‘lgan.
Hisobot davrida Qo‘mitaga iste’molchilardan jami 9 923 ta murojaat tushgan.
Murojaatlarning 4 318 tasi (43,5 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 3 511 tasi (35,4 foiz) savdo va umumiy ovqatlanish, 1 813 tasi (18,3 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 281 tasi (2,8 foiz) reklama munosabatlari masalalariga to‘g‘ri kelgan. Ushbu
murojaatlarning 65 foizi qanoatlantirish va huquqiy yordam berish orqali ijobiy hal etilgan, 25 foiziga tegishli tushuntirish berilgan, 5,8 foizi vakolatli idoralarga yuborilgan. Qolgan murojaatlar esa ko‘rib chiqish jarayonida turibdi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 9 021 nafar iste’molchining huquqlari buzilganligi aniqlanib, ular foydasiga 5,2 mlrd so‘mga yaqin miqdordagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan. Shu bilan birga, savdo sohasida iste’molchilarga 314 dona 1,5 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi mahsulot almashtirilib yoki qaytarib berilgan, shundan 46 tasi (1,2 mlrd. so‘m) avtomobil savdosiga to‘g‘ri kelgan.
Tovar (ish, xizmat)lar xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida, tasdiqlangan reja-grafik asosida muntazam ravishda chakana savdoda tovarlar nazorat xaridini va ularni ekspertizadan o‘tkazish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, hisobot davrida jami 123 nomdagi mahsulotning nazorat xaridi amalga oshirilib (“Sifat nazorati”teleko‘rsatuvi bilan hamkorlikda), ularni ekspertizadan o‘tkazish natijalariga ko‘ra, 13 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Tabiiy monopoliya subyektlarining joriy yil 1-iyul holatiga ko‘ra, davlat reyestriga kiritilgan 132 ta xo‘jalik yurituvchi subyektning 11 ta xizmat turlari bo‘yicha faoliyati ustidan monitoring olib borilmoqda. Ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarning 64 tasi (48 foiz) davlat ishtirokidagi korxonalar hisoblansa, 68 tasi (52 foiz) xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Hisobot davrida 2 ta xo‘jalik yurituvchi subyekt ya’ni, “UzGasTrade” AJ, Namangan “Qishloqichimliksuvta’minot” MChJ davlat reyestriga kiritilgan va “Samarqand burg‘u asboblari” AJ, Quva “Issiqlik manbai” IChK, “Qo‘qon issiqlik manbai” IChK va “Toshisiqquvvati” DUK reyestrdan chiqarilgan.
Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan korxonalar yoki shaxslar guruhi tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni yetkazib berishda va xizmatlarni ko‘rsatishda to‘g‘ridan -to‘g‘ri imzolangan shartnomalarning raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq rasmiylashtirilishi yuzasidan tanlanma ravishda 83 ta xo‘jalik yurituvchi subyektning 632 ta to‘g‘ridan to‘g‘ri imzolagan shartnomalari o‘rganilgan. Bu jarayonda 5 ta monopol korxona tomonidan 41 ta holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilinmagani aniqlangan va ular bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Bugungi kunga qadar qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olish hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olish bo‘yicha bitimlarga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish yuzasidan jami 64 ta murojaat tushgan. Shundan 12 ta murojaat xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborish va qo‘shib olishga rozilik olish to‘g‘risida bo‘lsa, 52 tasi xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ustav fondidagi aksiyalarni (ulushlarni) olishga oldindan rozilik olish bilan bog‘liq bo‘lgan. Olingan murojaatlar chuqur tahlil qilinib, qo‘mita tomonidan jami 6041 mlrd. so‘mlik bitimlarga oldindan rozilik berilgan, shundan 51,2 foizi, ya’ni 3094 mlrd so‘mlik (270,7 mln AQSH doll.) bitimlar xorijiy investorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olish yuzasidan jami 16 ta murojaat olingan. Shundan 12 ta holatda tovar bozori rivojlanmaganligi sababli davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni tashkil etishga rozilik berilgan, bitta holatda tovar bozori rivojlanganligi, ushbu bozorda xususiy tadbirkorlik subyekti 5 tadan ko‘pligi sababli davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tashkil etilishiga rozilik berish rad etilgan hamda 3 ta holatda davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyekt tashkil etilishiga oldindan rozilik olish shart emasligi sababli rozilik talab etilmasligi bildirilgan. 3 ta holatda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tashkil etilganligi aniqlanib, ular bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib tegishli choralar ko‘rilgan.
Joriy yilning birinchi yarmi davomida qo‘mita markaziy apparati va hududiy boshqarmalari tomonidan insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha tushgan jami 113 ta murojaat “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga asosan ko‘rib chiqilgan. 57 ta murojaat bo‘yicha belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun asoslar yetishmasligi sababli ariza egalariga qonunchilik talablari to‘g‘risida tushuntirishlar berilgan. Bitta murojaat apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan va apellyatsiya talabi qanoatlantirilgan. 4 ta murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Qolgan murojaatlar borasida ham tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Zamira TOJIEVA.