Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Fargʻona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash mezoniga asosan davlat organlari va mahalliy hokimliklar tomonidan regulation.gov.uz saytiga muhokamaga qoʻyilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini raqobatga taʼsirini oʻrganib boriladi.
2022-yilning oʻtgan davrida boshqarma mutaxassislari tomonidan shahar va tuman hokimliklarining muhokamaga qoʻyilgan 67 ta (2021-yilda 158 ta) qaror loyihalarining raqobatga taʼsiri oʻrganildi.
Qaror loyihalarida raqobat qonunchiligiga zid normalar mavjudligi sababli qaror loyihalariga tegishli oʻzgartirish kiritish yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan 4 ta mahalliy hokimliklarga xulosalar kiritildi.
Shuningdek, 2021-yilda viloyatdagi mahalliy hokimliklar va davlat boshqaruvi hududiy organlari tomonidan qabul qilingan 131 mingdan ortiq hujjatlarning raqobatga taʼsirini oʻrganish ishlari oʻtkazilib, 57 ta holatda raqobat qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangandi.
Aniqlangan xolatlar boʻyicha oʻrnatilgan tartibda ish qoʻzgʻatilib, bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.
Bundan tashqari, mahalliy hokimlik organlari tomonidan qabul qilinib,
Ye-qaror elektron platformasiga joylashtirilgan qonun hujjatlarini ham tahlil qilib borish yoʻlga qoʻyilgan. Joriy yilning mos davrida 5 ta mahalliy hokimlik organlari tomonidan qabul qilingan 5287 qonun hujjatlari oʻrganlib, qonunchilik talablariga mos boʻlmagan 4 ta hujjatlar bekor qilindi.
Bugungi kunda intellektual mulk huquqlari borasidagi oʻzgarishlar eʼtirofga sazovor. Hozirgi davrda ijodiy va aqliy faoliyat mahsuli boʻlgan intellektual mulkni muhofaza qilish muhim vazifa hisoblanadi. Tadbirkorlar buni yaxshi anglagan holda, huquq buzilish holatlariga duch kelganida qonun yoʻli bilan oʻz huquqidan toʻgʻri foydalanmoqda.
2021-yilda boshqarma tomonidan intellektual mulk sohasidagi 18 ta, 2022-yilning oʻtgan davrida esa tadbirkorlik subyektlarining 10 ta ariza va shikoyatlari oʻrganib chiqilib, tegishli choralar koʻrildi.
Misol uchun, “Toshkent management consulting group” MChJning Fargʻona shahridagi savdo majmualaridan birida jamiyatga tegishli boʻlgan “Play arena” tovar belgisidan noqonuniy foydalanilayotganligi yuzasidan murojaat qilgan.
Murojaat asosida boshqarma xodimlari tomonidan qisqa fursatda qonun buzilish holati atroflicha oʻrganilib, amaldagi qonunchilik talablari boshqa tadbirkorga tushintirilganidan soʻng, qonun buzilish holati bartaraf etildi.
Maqsad aniqki, sohada olib borilayotgan ishlar yaxshi natija berishi, tadbirkorlik subyektlari bilan munosabatlar tadbirkorlarda huquqiy savodxonlik oshishiga xizmat qilishi darkor