QO‘MITANING SUDLARDA MAMLAKATIMIZDA RAQOBATNI TA’MINLASH, ISTE’MOLCHILARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISH YUZASIDAN AMALGA OSHIRILGAN ISHLARI YUZASIDAN MA’LUMOTLAR
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyati yuzasidan raqobatni ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud instansiyalarida faol qatnashib kelmoqda.
Joriy yilning yanvar – avgust oylarida Qo‘mita jami 23 ta sud ishlarida ishtirok etgan, bundan sudlarda 5 ta ish bo‘yicha da’vogar va arizachi sifatida (2 tasi bo‘yicha da’vo qisman qanoatlantirilgan, 2 tasi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan va da’vo arizasi qaytarilgan, 1 tasi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda), 18 ta ish bo‘yicha javobgar sifatida (8 tasi bo‘yicha rad etilgan, 5 tasi bo‘yicha qanoatlantirilgan, 4 tasi bo‘yicha qisman qanoatlantirilgan, 1 tasi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda) ishtirok etgan.
Mazkur sud ishlarining 8 tasi to‘liq, 6 tasi qisman Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi foydasiga hal etilgan. Jumladan:
1) Raqobat qo‘mitasiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan aktuar xizmatini xarid qilish uchun etender.uzex.uz elektron platformasi orqali o‘tkazilgan tender savdolaridan norozilik bildirilgan murojaat kelib tushgan.
Mazkur murojaatni o‘rganish natijasida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasi talablari buzilishi aniqlangan. Ya’ni o‘tkazilgan tender savdosida buyurtmachi tomonidan ishtirokchilardan biriga boshqa ishtirokchilarga nisbatan imtiyozli shart-sharoit yaratib berilganligi holatlari aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 2022-yil dekabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Biroq, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, uni haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga, apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari tartibi bilan Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atigacha bo‘lgan bosqichlarda murojaat qilgan. Sud instansiyalari ishni ko‘rib chiqish jarayonida ushbu shikoyatlarni rad etib, oxirgi ko‘rib chiqish bilan 2023-yil 25-avgustda Qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasini o‘z kuchida qoldirgan.
2) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2022-yilda “Karakalpak sement” MChJ QK tomonidan 2021-yil davomida sement mahsulotining birja savdolariga tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlarda va hajmlarda qo‘yilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, “Karakalpak sement” MChJ QK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasi birinchi qismi ikkinchi xatboshi, ya’ni, birja savdolarini o‘tkazish jarayoniga ta’sir ko‘rsatadigan taqiqlangan harakatlar sodir etilganligi holatlari aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2022-yil aprelda “Karakalpak sement” MChJ QKga qonun buzilishi holatini to‘xtatish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda sement mahsulotlarini birja savdolariga tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qo‘yilmaganligi natijasida tafovut sifatida aniqlangan 21.967.600 so‘m mablag‘larni ixtiyoriy ravishda davlatga to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil “Karakalpak sement” MChJ QK manfaatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasining qaror va ko‘rsatmasini va Raqobat qo‘mitasi Apellatsiya kengashining 2022-yil maydagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan Nukus tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan.
Nukus tumanlararo ma’muriy sudining 2022-yil 3-avgustdagi hal qiluv qarori bilan arizasini qanoatlantirish rad etilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining 2022-yil 22-sentyabrdagi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2023-yil 24-fevraldagi qarorlari bilan apellatsiya va kassatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan.
3) Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi “Musaffo obi hayot” MChJning ichimlik suv va oqova xizmatlari hamda isitish tizimi tariflarining asosli shakllantirilishi, amalga kiritilishi va qo‘llanilishiga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish natijasida, “Musaffo obi hayot” MChJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi beshinchi xatboshisi ya’ni tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash), kelishish va belgilash uchun narxlarni tartibga soluvchi organlarga, davlat boshqaruvi organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga ishonchsiz ma’lumotlar taqdim etilishi natijasida narx (tarif)ning oshirilishi talablari buzilganligi aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan 2022-yil noyabrda “Musaffo obi hayot” MChJga qonun buzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktyabrdagi 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi beshinchi xatboshisi buzilishi natijasida asossiz olingan jami 1.318.432.400 so‘m pul mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish, iste’molchilarni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda ixtiyoriy ravishda davlatga to‘lash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Keyinchalik Raqobat qo‘mitasi Apellatsiya kengashi “Musaffo obi hayot” MChJning shikoyatini ko‘rib chiqib qonunbuzilish natijasida 1.318.432.400 so‘m pul mablag‘lar emas 1.002.789.746 so‘m pul mablag‘lar asossiz olingan deb topgan.
Biroq, “Musaffo obi hayot” MChJ Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyat hududiy boshqarmasining qaror va ko‘rsatmasidan hamda Raqobat qo‘mitasi Apellatsiya kengashining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan.
Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 24-avgustdagi hal qiluv qarori bilan arizani qanoatlantirish rad etilgan va Qo‘mita qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.
Shu bilan birga, ayrim ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi qarorlari bekor qilingan. Masalan:
Qo‘mitaning Namangan viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan neftni qayta ishlash zavodlari hamda neft bazalari tomonidan dizel (EKO dizel) yoqilg‘isini fermer xo‘jaliklariga qonunchilik talablariga muvofiq sotilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganish natijasida, “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ tomonidan dizel yoqilg‘isini 5 400 so‘mdan yetkazib berilishi lozim bo‘lsada, ko‘plab holatlarda belgilangandan ko‘ra yuqori narxlarga yetkazib berilish holatlari aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan Qo‘mitaning tegishli tartibdagi qarori bilan “O‘zbekneftgaz” AJ va “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 28-oktabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni shakllantirish, deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash hamda ularning qo‘llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 36-bandi ikkinchi va o‘ninchi xatboshisi talablari buzilgan deb topilgan.
Ushbu qarorga asosan, To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ huquqbuzarlik sodir etilishi natijasida asossiz olingan 2752,1 mln. so‘m mablag‘larni iste’molchilarga, birja savdolarida dizel yoqilg‘isining boshlang‘ich narxini oshirib qo‘yilishi natijasida asossiz olingan 826,5 mln. so‘m mablag‘larni esa davlatga ixtiyoriy ravishda to‘lash (qaytarish) to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.
“To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJ Qo‘mita qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining 2023-yil 6-yanvardagi hal qiluv qarori bilan “To‘raqo‘rg‘on neft bazasi” MChJning arizasi qanoatlantirilib, Qo‘mita qarori haqiqiy emas deb topilgan.
Qo‘mita tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 27-martdagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, da’vo rad etilgan.
Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi kassatsiya instansiyasining 2023-yil 15-avgustidagi qarori bilan apellyatsiya instansiyasi sudining qarori bekor qilinib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida qoldirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mamlakatimizda raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘z funksional vazifalarini muntazam bajarib kelmoqda.