O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Asakabank” AJda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish hamda raqobat sohasidagi qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbirda mazkur bank xodimlariga Monopoliyaga qarshi komplayensni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Tohir Abdurashidov va Davlat xaridlari bo‘yicha savdolarni nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Iskandar Ismoilovlar tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining ahamiyati, davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan taqiqlangan harakatlar yuzasidan keng tushuntirishlar berildi.
Davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida buyurtmachi tomonidan ishtirokchilarga nisbatan tegishli malakaviy talablar qo‘yilishi hamda ishtirokchilar tomonidan kelib tushgan takliflarni baholashga oid tartib-qoidalar borasida berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan tegishli javoblar berildi.