Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisining maslahatchisi Otabek Usmonov AOKA brifingi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan narxlar va tariflarni nazorat qilish hamda tabiiy monopoliyalarni tartibga solish sohasida amalga oshirgan ishlar
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga rioya etilishi yuzasidan 2023 yilning 9 oyligi davomida iqtisodiy tarmoq sohalarida o‘rganishlar o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar natijasida iste’molchilardan jami 80,1 mlrd.so‘mga yaqin asossiz daromadlar olinganligi aniqlandi.
Hisobot davrida, “Raqobat to‘g‘risida»gi va “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonunlari va qonunosti hujjatlari talablarini buzish bo‘yicha 700ga yaqin holatlar aniqlangan, jumladan:
– tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish holati 472 ta;
– mahalliy davlat hokimiyati organlari va yuridik shaxslar birlashmalarining raqobatni cheklaydigan hujjatlari hamda harakatlarini taqiqlash holati 69 ta;
– birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish 32 ta;
– tabiiy monopoliya subyektlariga man etilgan ishlarni bajarish holati 23 ta;
– ustun mavqeni suiiste’mol qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning raqobatni cheklaydigan kelishib olingan harakatlari va kelishuvlarini taqiqlash , aksiyalarni (ulushlarni) olishda monopoliyaga qarshi talablarni buzish va boshqa holatlarni tashkil etadi.
7 ming 500 ga yaqin fuqarolarning qonuniy manfaatlari himoya qilinib, 35,3 mlrd.so‘m ortiqcha daromad olinganligi aniqlangan holatlar yuzasidan, 3,8 mlrd so‘m mablag‘ fuqarolar foydasiga qaytarildi. Qolgan 31,5 mlrd.so‘mlik ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududlar kesimida tahlil qilinadigan bo‘lsa, eng ko‘p qonunbuzilishlar 122 ta holatda Toshkent viloyatida, 68 ta holatda Toshkent shahrida, 57 ta holatda Namangan viloyatida aniqlangan. Jizzax viloyati misolida esa aniqlangan 26 holatlar yuzasidan yetti mingdan ortiq iste’molchilarga asossiz undirilgan mablag‘lar qaytarilib, ularning huquqlari himoya qilinishi ta’minlangan.
Jumladan:
1.Navoiy viloyatida joylashgan «Issiqlik manbai» DUK tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.10.2010 yildagi 239-sonli qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi talablari buzganligi natijasida jami 9,2 mlrd so‘m ortiqcha olingan daromad olganligi aniqlangan.2.«Jizzax viloyat HET» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Tabiiy Monopoliyalar to‘g‘risidagi 2.Qonunning 16-moddasi talablari buzganligi natijasida jami 3,8 mlrd so‘m ortiqcha daromad olganligi aniqlangan va iste’molchilarga qaytarilgan.
3.Toshkent viloyati «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.10.2010 yildagi 239-sonli qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 36-bandi talablari buzilganligi natijasida jami 1,4 mlrd so‘m ortiqcha daromad olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan yuqoridagi kabi tahliliy va sohalar kesimida monitoring ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Bundan tashqari, tabiiy monopoliya subyektlari soni 01.10.2023 yil holatiga 134 ta bo‘lib ularning asosiy faoliyatlarining 11 ta xizmat turlari bo‘yicha monitoring ishlari olib borilmoqda. Ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlarining 65 tasi (48 foiz) davlat ishtirokidagi korxonalar hisoblansa, 69 tasi (52 foiz) xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri keladi.
Joriy yilning 9 oyligida 4 ta xo‘jalik yurituvchi subyektlar, ya’ni, “UzGasTrade” AJ, Namangan “Qishloqichimliksuvta’minot” MCHJ, Toshkent viloyat “YEROSTIGAZ” AJ, Toshkent shahar «UZBEKISTAN AIRPORTS CARGO» MCHJ kabi korxonalar tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etildi va 4 ta “Samarqand burg‘u asboblari” AJ, Quva “Issiqlik manbai” ICHK, Qo‘qon “Issiqlik manbai” ICHK va “Toshissiqquvvati” DUKlar o‘z faoliyatini tugatganligi sababli ushbu maqomi bekor qilindi.
Shu bilan birga, tabiiy monopoliya subyekti deb e’tirof etilgan korxonalar ro‘yxati Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan tabiiy monopoliya subyekti va uning xo‘jalik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashgan axborot bazasiga kiritish, ushbu ma’lumotlarni yangilash, tabiiy monopoliya subyekti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bazadan chiqarish yo‘li bilan amalga oshirilgani haqida Qo‘mitaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlari orqali muntazam ma’lumotlar berib kelinmoqda.