O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14-yanvardagi “Davlat aktivlarini boshqarish, Monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5630-son Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tashkil etildi va unga tugatilayotgan Davlat raqobat qo‘mitasining shtat birliklari, shuningdek monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish, raqobat muhitini rivojlantirish, tabiiy monopoliya subyektlari faoliyati ustidan nazorat qilish, tovar xom-ashyo birjalarini litsenziyalash bo‘yicha vazifa, funksiya va vakolatlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4126-son Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan qo’mitaning tashkiliy tuzilmasi va markaziy apparat tuzilmasi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 402-son Qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizom, qo‘mitaning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibi, shuningdek, uning rahbarlarining funksional vazifalari, huquqlari va javobgarliklari belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21-dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoni qabul qilindi. Davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi o‘rtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.
Ushbu farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashkil etildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi vazifa va funksiyalari Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga o‘tkazildi.