Аvval xabar berilganidek, Gruziya Milliy raqobat agentligining taklifiga binoan Qoʼmita vakillari joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Tbilisi shahrida oʼtkazilayotgan “Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish” mavzusida xalqaro konferentsiyada ishtirok etmoqda.
Tadbirning birinchi kuni, yaʼni 16 noyabr kun tartibidan oʼrin olgan quyidagi bir qator panel sessiyalarda Qoʼmita vakillari ishtirok etdi.
– Raqobat siyosati va barqaror rivojlanish,
– Tartibga solinadigan bozorlarda raqobat siyosati/idoralararo hamkorlik,
– Isteʼmolchilar huqularini himoya qilishning huquqiy kafolatlari hamda mazkur sohada Yevropa va Gruziyaning amaliyoti,
– Majburiy ijro etishning bilvosita mexanizmlari.
Bugun, 17 noyabr kuni Tbilisi shahrida boʼlib oʼtayotgan “Raqobat va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish” mavzusida xalqaro konferentsiya doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi va Gruziya Milliy raqobat agentligi oʼrtasida raqobat qonunchiligini qoʼllash sohasida oʼzaro anglashuv hamda hamkorlik toʼgʼrisidagi memorandum imzolandi.
Mazkur Memorandumga muvofiq, quyidagi asosiy yoʼnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradi:
– qonunchilik ishlanmalari boʼyicha axborot almashish;
– tomonlar oʼz davlatlarining raqobat qoidalarini buzish holatlarini tekshirish sohasida tajriba almashish;
– raqobatni cheklash va taʼsir choralarini qoʼllash holatlarini aniqlash tezkorligini oshirish maqsadida Ishtirokchilar faoliyatida innovatsion ishlanmalar va axborot texnologiyalarni tatbiq etish masalalari boʼyicha tajriba almashish;
– raqobat organlari va milliy nazorat qiluvchi idoralar oʼrtasidagi munosabatlar boʼyicha tajriba almashish;
– qonunchilikdagi oʼzgarishlar va keyslar boʼyicha maxfiy boʼlmagan maʼlumotlar almashinuvi;
– tomonlar tarafidan oʼtkaziladigan xalqaro konferentsiyalar, simpoziumlar, seminarlar va boshqa tadbirlarda qatnashish;
– tomonlar oʼzaro hamkorligini davom ettirish istiqbollari va yoʼnalishlarini muhokama qilish uchun yuqori darajadagi uchrashuvlar/tashriflar tashkil etish.