Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy muassasalar va davlat idoralarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha dastur qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, joriy yilda ijtimoiy soha va davlat idoralarida 220 megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda 107 megavatt quyosh panellari o‘rnatilgan. Yirik davlat kompaniyalarida ish yaxshi ketmoqda. Lekin ijtimoiy muassasalarda natijalar hali yetarli emas.
Masalan, oliy o‘quv yurti binolarida 36 foiz, maktablarda 33 foiz, tibbiyot muassasalarida 28 foiz panellar o‘rnatilgan. Hududlar bo‘yicha olganda, respublikada bu ko‘rsatkich qariyb 50 foizga yetgan. Ammo Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o‘rnatish darajasi rejaga nisbatan 26 foizni tashkil etmoqda.
Davlatimiz rahbari bu borada hali imkoniyatlar ko‘pligini ta’kidlab, ishlarni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 4,4 milliard dollarlik, jami quvvati 4,8 gigavattga teng 11 ta quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yig‘ilishda mazkur kelishuvlar ijrosini tashkil etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.