Poytaxtimizning Yashnobod tumanida ikkita yirik shifo maskani – Milliy tibbiyot markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazi barpo etildi.
Davlatimiz rahbari 2020-yil noyabrda ularning qurilishini kelib ko‘rgan, bu yerda qanday imkoniyatlar bo‘lishi lozimligi haqida ko‘rsatmalar bergan edi. Muassasalardagi bugungi zamonaviy sharoit va ish tartibi shuning amaliy ijrosi, deyish mumkin.
Shifo maskani hududi to‘rt gektardan ortiq. Jami bir yarim ming kvadrat metr maydonga ega yettita bino barpo etilgan. Qurilish va jihozlashda xorijning ilg‘or tajribasiga tayanilgan. Shu bois arxitekturasi mukammal. Shoshilinch yordam, reanimatsiya, infeksiyali holatlar – barchasi inobatga olingan.
Milliy tibbiyot markazi, boshqa shifoxonalardan farqli ravishda, universal bo‘ladi. Bu yerda jarrohlik, urologiya, transplantologiya, travmatologiya-ortopediya, ginekologiya, kardioxirurgiya, nefrologiya, kardiologiya, endokrinologiya, kardiorevmatologiya, stomatologiya va boshqa bo‘limlar tashkil etilgan. Jami 169 turdagi mingtadan ko‘p ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar o‘rnatilgan.
Markaz besh yuz o‘ringa mo‘ljallangan. Ambulator va statsionar tartibda ikki yuzdan ortiq tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Yiliga uch mingdan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish quvvati mavjud. Markazda mamlakatimizning olis hududlaridagi bemorlarga masofadan tashxis qo‘yish, davolash imkoniyati yaratilmoqda.
Muassasa faoliyatida Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarning yetakchi klinikalari bilan hamkorlik qilinadi. Chet ellik shifokorlar, o‘zimizning xorijda malaka oshirgan mutaxassislarimizdan iborat jamoa – 250 nafar shifokor, 500 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat olib boradi.
Bunday imkoniyatlarga ega markaz mamlakatimizda birinchisi. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli klinikalar u bilan bog‘lanadi.
Prezident majmua hududidagi Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazida ham bo‘ldi.
Bu markaz mazkur kasalliklarni davolash bilan birga mamlakatimizda otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi. Bu yerda “Yuqori nafas yo‘llari a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalari tashkil etildi. Simulyatsion amaliy laboratoriya, jarrohlik xonalari va 60 ta o‘rin-joylar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazlardagi qulayliklar bilan tanishdi, shifokorlar bilan suhbatlashdi. Soha mas’ullari bilan muloqotda ushbu markazlar yonida xorijiy tibbiyot instituti tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish, kasalliklar profilaktikasini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.