Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahridagi Oydin mahallasida bo‘lib, aholi turmushi, hududdagi obodlik va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda 11 mingga yaqin aholi yashaydi. Hududda ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti, bitta umumta’lim maktabi mavjud. Joriy yilda yana uchta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
Mahallada xizmat ko‘rsatish sohasi, tikuvchilik va hunarmandchilik yaxshi rivojlangan. Xususan, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, umumiy ovqatlanish shoxobchasi va boshqa turdagi tadbirkorlik subyektlari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi, xususan, yoshlar ish bilan band.
Joriy yilda mahalladagi ikki yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana qariyb shuncha fuqaro “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat ta’lim muassasalari orqali o‘qitildi. Ularning 191 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ish boshlagan.
Mahalla faollari Prezidentga hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi. Bu yerdagi ko‘p qavatli uylarda ilgari to‘rtta og‘ir toifadagi shirkat bo‘lgan. Kommunal xizmatlarda muammolar ko‘p edi. “Oydin boshqaruv servis kompaniyasi” tashkil etilib, xizmat sifati yaxshilandi.
Mavsum oldidan ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga zarur choralar ko‘rildi. Xususan, o‘nta uyning tomi, yuzdan ortiq yo‘laklar ta’mirlandi, issiqlik quvurlari izolyatsiya qilindi.
Hudud ko‘kalamzorlashtirilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida olti ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazilgan. Ko‘chalar asfaltlangan, yoritgichlar o‘rnatilgan. Ikki kilometrlik piyodalar yo‘lakchasi tashkil etilgan.
Qarshi shahri mas’ullari, mahalla “yettiligi” hududda amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berdi.
Ma’lumki, yurtimizda barcha ijtimoiy chora-tadbirlar mahallalarda, xalq bilan birgalikda tashkil qilinmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, endi yanada keng vakolat va imkoniyatlar berilmoqda. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shilib, “mahalla yettiligi” joriy etilmoqda. Kelgusi yildan “Mahalla budjeti” tizimi to‘liq joriy qilinadi. Bu – har bir mahallaning 100 million so‘mgacha mablag‘i bo‘ladi, degani. Shuningdek, amaldagi uchta platforma – “Onlayn mahalla”, “Xotin-qizlar”, “Yoshlar portali” o‘zaro integratsiya qilinib, yagona tizimda mujassamlashtiriladi.
Prezidentimiz mazkur tizimni samarali ishlatish, bunday keng vakolat va mablag‘lardan foydalanib, mahalladagi dolzarb muammolarni hal qilish zarurligini ta’kidladi. Aholini tadbirkorlikka, xotin-qizlarni kasb-hunarlarga jalb etib, daromadini oshirish, yoshlar uchun madaniy tadbirlar, musobaqalar tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi 11-uyda yashovchi Dilshod Nabiyev xonadonida mehmon bo‘ldi. Oila boshlig‘i institutda o‘qituvchi. Turmush o‘rtog‘i Hurriyatxon bilan ikki farzandni voyaga yetkazmoqda. Ular o‘z turmushi va mehnat faoliyati, bolalarga berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi.
Prezident mahallaning yangi markazi – mahalla guzari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda nuroniylar bilan muloqot bo‘ldi.