Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Sariosiyo tumanidagi Sebzor mahallasida bo‘ldi.
Bu yerda 7 ming 600 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. To‘rtta korxona, yigirmadan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida shu yerlik yoshlar doimiy ish bilan band. Mahalla ahli asosan bog‘dorchilik, chorvachilik va sabzavotchilik bilan shug‘ullanadi. O‘ttizdan ortiq dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda.
Davlatimiz rahbari “Barakatullo Davr Baraka” fermer xo‘jaligi bog‘ida bo‘lib, poliz ekinlari rivoji ko‘zdan kechirdi. Bu yerda 6 gektar olma, 1,3 gektarda xurmodan mo‘l hosil olinmoqda. Daraxtlar qatori oralariga ertaki ekinlar, jumladan, oq boshli karam, piyoz, sarimsoqpiyoz yetishtirilgan.
Ma’lumki, Surxondaryoning iqlimi erta hosil olish imkonini beradi. Lekin qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuv yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shuning uchun viloyatda in-vitro laboratoriyalari tashkil etib, urug‘chilikni yaxshilash, umuman, Surxondaryo qishloq xo‘jaligini eksportga ixtisoslashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Bog‘, tog‘ yonbag‘ri va dala chetlarini xatlovdan o‘tkazib, ekinlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni o‘rganish, olimlarni jalb etib, mahsulotlar hosildorligi va sifatini oshirish, qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mahallada ijtimoiy masalalar ham manzilli hal etilmoqda. Yo‘llar ta’mirlangan. Kuz-qish mavsumi oldidan transformatorlar yangilandi, qo‘shimcha simyog‘ochlar o‘rnatildi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasasida zarur sharoitlar yaratilgan.
Yaqinda mahalla hududida kichik tibbiyot punkti tashkil etildi. Prezidentimiz undagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Asosan profilaktik ko‘rik va patronaj xizmati bilan shug‘ullanadigan ushbu muassasada bir nafardan shifokor va doya, ikki nafar hamshira faoliyat olib boradi.
Mahalladagi 2 ming nafarga yaqin tibbiyotga muhtoj aholi ilgari 27 kilometr masofadagi shifoxonaga borar edi. Endi ularning uzog‘i yaqin bo‘ldi. Bu yerda bolalarni emlash, surunkali bemorlarni sog‘lomlashtirish va ularning nazoratini olib borish yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari shu yerda tibbiyot xodimlari va mutasaddilari bilan suhbatlashdi.
– Meni eng ko‘p o‘ylantiradigan masalalardan biri – xalqimizning sog‘lig‘i. Shuning uchun shifoxonalar qurishga, ijtimoiy dorilar ta’minotiga, tez tibbiy yordamga katta mablag‘ ajratayapmiz. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari ham oshirildi. Endi muhimi – aholini kasallik bo‘yicha xavf guruhiga ajratgan holda, manzilli davolash va sog‘lig‘ini nazorat qilish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Masalan, bir hudud aholisining 30 foizi kasal yoki kasallikka moyil bo‘ladi. Mahalladagi tibbiyot xodimlari ularga alohida e’tibor qaratib, ahvolini kuzatib borishi kerak. Shu bilan birga, to‘g‘ri ovqatlanish, ko‘proq piyoda yurishning foydasini keng tushuntirish, mahallalarda fitobarlar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.