8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 16-sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni, sayyohlar oqimi ortib bormoqda.
Mamlakatimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Yil boshidan 500 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyalar jalb qilindi, 200 dan ziyod yangi korxonalar tashkil etildi.
Savdo, sanoat, innovatsiyalar, energetika, transport, ta’lim, madaniyat, turizm va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha va dasturlarni jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.