O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan 24-iyul kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotida ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Turkiya rahbari O‘zbekiston yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, xalqimizga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Prezidentlar oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdilar. Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligiga e’tibor qaratdilar.
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ikki mamlakat yetakchi kompaniya va korxonalarining sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha istiqbolli loyihalarning yangi portfelini birgalikda ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.
Mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.