6-iyun kuni Anqara shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida O‘zbekiston-Turkiya Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tomonidan tadbirda «Global Textile», «ProCab», «Agromir Group», «ERIELL Group», «Akfa Holding», «Murad Buildings», «SAG», «BMB Holding», «Uzbekistan Hydrogen» kompaniyalari ishtirok etdi.
Turkiya tomonidan «Çalık», «Cengiz», «Acibadem», «Eczacıbaşı», «Anadolu Group», «Aksa Energy», «Zorlu», «Kalyon», «Onur Group» kabi xolding kompaniyalari qatnashdi.
Tadbirkorlar bilan bunday formatdagi muloqot ilk bor o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari Ishbilarmonlar kengashining tuzilishi ikki tomonlama munosabatlar rivoji yangi bosqichga ko‘tarilganining ramzi ekanini ta’kidladilar.
Yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish va kelgusidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida kengash yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib turish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik izchil sur’atda rivojlanib borayotganidan mamnunligini bildirdi. So‘nggi besh yilda turk sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobarga oshdi va 2 mingtaga yetdi, investitsiyalar hajmi ikki barobarga ortdi.
Kuni kecha o‘tgan biznes forumi va ishbilarmonlik tadbirlari natijasida qishloq xo‘jaligi, qurilish, energetika, sog‘liqni saqlash, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, zargarlik, to‘qimachilik va charm sanoati sohalarida ko‘plab ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Prezidentimiz energetika, qurilish, konchilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida «Cengiz Energy», «Aksa Energy», «Çalık Holding», «Eczacıbaşı» va «Anadolu» kabi turk kompaniyalarining muvaffaqiyatli faoliyatini ko‘rsatib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab, eng avvalo, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni taklif etdi.
O‘zbekiston-Turkiya sanoat klasterini tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu sanoat zonasi ikki mamlakat o‘rtasida amaliy hamkorlikning lokomotiviga aylanadi.
O‘zbekiston Prezidenti davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Shu asosda 3 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Kengash uchrashuvida konchilik sanoatida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Turkiyaning yirik kon-geologiya kompaniyalari bilan foydali qazilmalarni o‘rganish va qazib olish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, o‘z navbatida, Turkiya O‘zbekiston bilan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlashga intilishini bildirdi.
U ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ta’kidladi. Turkiya yetakchisi kengash ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash maqsadida konstruktiv muloqotga chaqirdi.
Fikr almashish davomida turk ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda olib borilayotgan ortga qaytmas islohotlar natijasida paydo bo‘lgan imkoniyatlarni yuqori baholadilar, bu islohotlar Turkiya biznesining uzoq muddatli rejalarini amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratayotganini ta’kidladilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari tomonidan ustuvor sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan aniq takliflar bildirildi.
Davlat rahbarlari tadbirkorlarni birgalikda ishlashga tayyorligi uchun samimiy minnatdorlik bildirib, mas’ul rahbarlarga ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdilar.