O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarimizni asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha samarali faoliyati, shuningdek, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlar berdilar.
Mamlakatimiz yetakchisining davlat tashrifi doirasida ushbu unvonlar bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Do‘stizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dots.nti Ismoil Nazriyev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televideniye va radio qo‘mitasining F.Shaxobov nomidagi «Shoshmaqom» ansambli rahbari Furqat Saidzoda, Bobojon G‘afurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari To‘lqin Tojiboyev, A.Jo‘rayev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi «Falak» ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Munojatxon Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi «Lazgi» ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og‘abek Sobirov va xonanda Yulduz Usmanovaga «Tojikiston xalq hofizi» faxriy unvoni, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyevga «Tojikiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi.
Davlat rahbarlari faxriy unvonlar nishonlarini o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirdilar.