O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Xivada uchrashuv o‘tkazdilar.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, Hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining hisobotlarini tingladilar.
Prezidentlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish hamda transport va energetikada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriq berdilar.
Joriy yilda Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, ta’lim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.
Ikki va ko‘p tomonlama shakldagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.