O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, Fransiya Prezidentiga rasmiy shaxslar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, taniqli madaniyat va fan arboblaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida O‘zbekistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bu sizning O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga shaxsiy e’tiboringiz va alohida yondashuvingizning yorqin tasdig‘idir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlar tufayli ikki mamlakat munosabatlari keng qamrovli tus olgani ta’kidlandi.
Tomonlar faol siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilayotgan tovar ayirboshlash jadal o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Yurtimizda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Davlatimiz rahbari qazib olish tarmog‘i, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qayd etdi.
Ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi.
Gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.
Tomonlar Samarqand shahrida Fransiya alyansi filiali ochilishini olqishladilar hamda qo‘shma oliy ta’lim muassasasini tashkil etishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, xavfsizlikka umumiy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Fransiya Prezidentiga 2024-yilda Parij shahrida yozgi Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.
Davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.