O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4 may kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan o‘tkazgan telefon orqali muloqotida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish va savdo munosabatlarining sur’atini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida Belarus Prezidenti joriy yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Prezidentlar O‘zbekiston-Belarus hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida bir qator ikki tomonlama tadbirlar o‘tkazilmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni oshmoqda.
Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ularni jadallashtirish uchun Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va faol hududlararo almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.