Hurmatli tibbiyot xodimlari!
Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Biz Yangi O‘zbekistonda inson qadri va manfaatlarini ta’minlashni o‘z oldimizga ezgu maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bu yo‘lda xalqimiz salomatligini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biri bo‘lishi tabiiydir.
Ayni shu maqsadda keyingi yillarda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanmoqda. Tizimga ilg‘or davolash va diagnostika usullari, innovatsion texnologiyalar keng tatbiq etilmoqda.
Ana shunday sa’y-harakatlarimiz tufayli birlamchi va malakali tibbiy xizmatlar aholining keng qatlamlariga kirib bormoqda. Buning tasdig‘ini shu yilning o‘zida joylarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilib, birlamchi tibbiy xizmatlar 2 million 100 ming nafardan ziyod aholiga yaqinlashtirilgani misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bu haqda so‘z yuritganda, 8 million 600 ming nafar aholi profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 685 ming nafari ambulator, 72 ming nafari esa statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgani, skrining tekshiruvlari orqali 167 ming nafar yurtdoshimizda yurak-qon tomir, 52 ming nafarida qandli diabet kasalligi aniqlanib, ularning salomatligini tiklash choralari ko‘rilganini ta’kidlash lozim.
Ayniqsa, tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan 2 ming nafar bolaning davlat hisobidan operatsiya qilingani yosh avlodga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Sohaga davlat tibbiy sug‘urtasi va raqamlashtirish mexanizmlari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham keng joriy etilmoqda. Shifoxonalarni zamonaviy transport va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash darajasi keskin yaxshilanmoqda.
Aynan ana shunday o‘zgarishlar, jonkuyar shifokorlar, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari, hamshiralarning mashaqqatli mehnati tufayli yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari nafaqat poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, balki tumanlarda ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda va minglab bemorlar o‘z dardiga shifo topmoqda.
Soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, ish haqini oshirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda. So‘nggi 7 yilda ushbu tizimda samarali xizmat qilib kelayotgan yurtdoshlarimizdan 727 nafari Vatanimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi.
Bugungi bayram munosabati bilan ularning safiga yana ko‘plab tibbiyot xodimlari qo‘shilganini alohida qayd etmoqchiman. Fursatdan foydalanib, ushbu fidoyi yurtdoshlarimizni yuksak mukofotlar bilan tabriklab, barchasiga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Biz “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirishni reja qilganmiz. Jumladan, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, O‘zbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifamiz bo‘ladi.
Shuningdek, 350 ming nafar diabet va 1 million 500 ming nafar yurak-qon tomir kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni davolash, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, bemorlarni gemodializ o‘rinlari bilan to‘liq qamrab olish bo‘yicha ham amaliy ishlarni boshlaymiz.
Aholi o‘rtasida mustahkam salomatlik garovi bo‘lgan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Qadrli tibbiyot xodimlari!
Barchamiz birgalikda harakat qilib, tibbiyot sohasini chinakam xalqchil tizimga aylantirish bo‘yicha oldimizda turgan ulkan vazifalarni albatta muvaffaqiyatli ado etamiz.
O‘z qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yo‘lda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman.
Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti