O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Sharaxmetov Shaxrux Shaturgunovich boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Qo‘mitadagi amaliy faoliyatini yakunladi.
Sh.Sharaxmetov Raqobat qo‘mitasini qayta tashkil etish, uni shakllantirish va rivojlantirishga bilimi va salohiyati, g‘ayrat va shijoati, yangi g‘oya va tashabbuslari bilan o‘zining munosib hissasini qo‘shgan.
Xususan, Qo‘mitaga rahbarlik qilgan davrda 3 ta Qonun – “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”, “Reklama to‘g‘risida” va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qancha farmoni va qarorlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. Qo‘mitaning ilmiy salohiyatini oshirish va sohadagi tizimli muammolarni tadqiq etish uchun Ilmiy markaz tashkil qilindi. Raqamlashtirish doirasida Fair Tech tizimi joriy qilindi. Ayniqsa, monopoliyaga qarshi kurashish organining mavqeini Konstitutsiya darajasida belgilash bo‘yicha takliflar xalq tomonidan ma’qullandi.
Sh.Sharaxmetov “Ustoz-shogird” an’anasini yangi bosqichga olib chiqdi, yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda Qo‘mita xodimlarining kasb malakasini yanada oshirishga asosiy e’tiborni qaratdi. Samarali va serqirra faoliyati davomida halolligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan jamoa xodimlarining qalbidan yaxshi rahbar sifatida joy oldi.
Sh.Sharaxmetovni keyingi ish faoliyatlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz.
Qo‘mita rahbariyati va jamoasi