O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i (“Anglesey Food” MChJ XK) tomonidan joylashtirilgan reklama bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilgan edi. (https://t.me/RaqobatGovUz/8955)
Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mitaning iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus komissiyasi tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “Anglesey Food” MChJ XK aybdor deb topilib, unga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sudga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi, shuningdek, unga ushbu reklama bo‘yicha qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlarni bir oylik muddatda bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot o‘rnida, vakolatli organning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edikki, Raqobat qo‘mitasi barcha tadbirkorlik subyekti vakillarini mamlakat iqtisodiyoti va aholining bandligini ta’minlashdagi hissalarini qadrlagan holda, mamlakatimizda mavjud amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan qonuniy faoliyat olib borishlarini va jamiyatimizda demokratik qonuniy muhit shakllanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz.