O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyatining Angren, Ohangaron, Olmaliq va Nurafshon shaharlarida iftorlik tadbirlari tashkil etildi.
Tadbirlar doirasida mahallalarda istiqomat qiluvchi nuroniylar, xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun fayzli iftorlik dasturxonlari yozildi.
Iftorliklar avvalida Qur’oni karim tilovat qilinib, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va xonadonlarimizga baraka tilab duolar qilindi.
Samimiy suhbatlar, nuroniylar duosi va onaxonlar roziligi Ramazon oyining insonparvarlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi ezgu qadriyatlarini yana bir bor namoyon etdi.








