Bugun, 30-avgust kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Yuy Szyun, Malayziya elchisi Ilhom Tua Bin Ilyos, Buyuk Britaniya elchisi Timoti Smart, Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov va Bangladesh Xalq Respublikasi elchisi Muhammad Monirul Islomdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalarning yangi tayinlangan rahbarlarini O‘zbekistondagi faoliyati rasman boshlangani bilan samimiy qutladi.
Tantanali marosim O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi davlat mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlanayotgan paytda o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekani qayd etildi.
Joriy yilda mamlakatimizda umume’tirof etilgan demokratik normalarga muvofiq muhim siyosiy tadbirlar – yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha referendum va Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi. Ularning natijalari amalga oshirilayotgan islohotlar ortga qaytmasligini mustahkamlab qo‘ydi. Bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston yetakchisi dunyoda geosiyosiy keskinlik kuchayib, o‘zaro ishonch susayib borayotgan, turli mintaqalarda yangi nizo o‘choqlari vujudga kelib, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdidlar ortayotgan sharoitda O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritayotganini alohida ta’kidladi.
Jahondagi barcha mamlakatlar bilan o‘zaro hurmat va amaliy hamkorlikka asoslangan munosabatlar tizimli rivojlanmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar bilan ko‘p tomonlama sheriklik mustahkamlanmoqda.
Joriy yilda mamlakatimizda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya hamda Jahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasi bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz rahbari yangi elchilar vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi darajaga olib chiqishga doir qator muhim masalalarga e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xitoydan yangi tayinlangan elchiga murojaat qilar ekan, Pekin bizning ishonchli va vaqt bilan sinalgan do‘stlarimizdan biri ekani, u bilan munosabatlar keyingi yillarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini qayd etdi.
– Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin janoblarining bir yil avval mamlakatimizga amalga oshirgan tarixiy davlat tashrifi hamda joriy yil may oyida Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammiti doirasidagi samarali uchrashuvimiz ikki tomonlama munosabatlarga kuchli sur’at bag‘ishladi, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida o‘zaro savdoni ko‘paytirish, Xitoyning yetakchi kompaniyalari bilan yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar borasidagi sheriklikni kengaytirish, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, qayta tiklanuvchi energetika, ilg‘or sanoat va infratuzilma, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni ro‘yobga chiqarish, fan-ta’lim va madaniy almashinuvlarni jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oktyabr oyida Xitoyda bo‘lajak “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumi doirasida oliy darajali uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Malayziya – O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyodagi muhim hamkori.
– Munosabatlarimiz o‘zaro hurmat va an’anaviy do‘stlik tamoyillari asosida izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimizning dolzarb global va mintaqaviy masalalarga doir qarashlari va yondashuvlari o‘xshash yoki yaqin, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Elektronika va elektrotexnika, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat sanoati, turizm, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, Malayziyaning yetakchi kompaniyalari, ayniqsa, neft-kimyo korxonalari bilan sheriklik aloqalarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Toshkent va Urganch shaharlarida Malayziyaning “Binari” universiteti muvaffaqiyatli ishlamoqda.
Faol o‘zaro tashriflar ham oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yaxshi zamin yaratmoqda.
Jahonda ulkan siyosiy, iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Buyuk Britaniya O‘zbekistonning uzoq muddatli va muhim hamkoridir.
Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan keng aloqalar yo‘lga qo‘yilib, barqaror rivojlanmoqda, yangi loyihalar va aniq dasturlar bilan boyimoqda.
Parlamentlar, sud idoralari, adliya, ta’lim va moliya vazirliklari o‘rtasidagi sheriklik kengaymoqda.
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Iqtisodiy yo‘nalishda o‘zaro savdo hajmi yuqori sur’at bilan ko‘paymoqda.
O‘zbekiston rahbari mamlakatimiz investitsiyalar va innovatsiyalar sohasidagi ishga solinmagan ulkan salohiyatni to‘liq ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekanini qayd etib, bank ishi va moliya, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika, geologiya, kimyo va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.
Turkmaniston – eng yaqin qo‘shnimiz. Tili, dini va urf-odatlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz ko‘p asrlar davomida yonma-yon yashab kelmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda barcha yo‘nalishlarda – siyosat, parlamentlararo aloqalar, savdo va iqtisodiyot, transport, energetika, suv va qishloq xo‘jaligida, madaniy-gumanitar sohada yangi darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zbekiston Prezidentining Ashxobodga yaqindagi tashrifi, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan sermahsul muzokaralar strategik sheriklikning yanada chuqurlashishiga xizmat qildi.
– Biz savdo aloqalarini kengaytirish, iqtisodiy sohada hamkorlikni mustahkamlash va aniq loyihalarni amalga oshirish, yuk tashish va tranzit hajmini ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga egamiz, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Ko‘p qirrali aloqalarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi yaqin muloqotni va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish niyati bildirildi.
Bangladesh Xalq Respublikasi – Janubiy Osiyo va butun islom olamida tez rivojlanayotgan davlat. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muloqotlar faollashgan.
Siyosiy va savdo-iqtisodiy yo‘nalishlarda “yo‘l xaritalari” qabul qilingan. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, turizm tarmoqlarida sheriklikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalari va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish istiqbollari belgilab olingan.
Marosim yakunida O‘zbekiston Prezidenti elchilarga mas’uliyatli va sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yuksaltirish uchun faolroq ishlash va hududlarimizga ko‘proq borishga chaqirdi.
Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, bor bilim va sa’y-harakatlarini ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratishlarini ta’kidladilar.